Sirdaryo viloyatining Guliston tumanida tomorqa madaniyati oshib, yildan-yilga yangi mazmun kasb etmoqda. Bugun tomorqa — faqat yer parchasi emas, balki oila farovonligi, ijtimoiy barqarorlik va iqtisodiy o‘sishning muhim manbaiga aylanib bormoqda.
Tumandagi 16 ming 809 ta xonadon ixtiyorida jami 2 073 gektar tomorqa yerlari mavjud. Ularning har bir qarichidan samarali foydalanish maqsadida muntazam targ‘ibot ishlari amalga oshirilmoqda. Aholiga bozorda talab yuqori bo‘lgan ekinlarni maqsadli yetishtirish, ikki va uch marta hosil olish amaliyotini keng joriy qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, joriy yilda tomorqa yerlarining 97,5 foizi, ya’ni 2 020 gektariga asosiy ekinlar joylashtirilgan. Jumladan, 933,8 gektarga sabzavot, 613,6 gektarga kartoshka, 65,8 gektarga dukkakli, 14,7 gektarga ozuqa ekinlari, 84 gektarga poliz, 0,8 gektarga rezavor va 307,8 gektarga boshqa turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ekilgan.
Eng muhim jihati — aholi izlanishdan to‘xtamayapti. Takroriy ekinchilik kengaymoqda, yiliga 2–3 marta hosil olish amaliyoti odatiy holga aylanib bormoqda.

Tumanning ayrim hududlarida muayyan ekin turlariga ixtisoslashuv jarayoni kuzatilmoqda. Masalan, Mustaqillik mahallasida issiqxonalar samarali ishlayapti — bu yerdagi aholi yildan-yilga ko‘proq daromad topmoqda. Ana shu ijobiy tajriba asosida Soyibobod, Birlashgan, Chortoq va Navoiy mahallalarida ham issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etish va rivojlantirish ishlari yo‘lga qo‘yildi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri