Bugungi kunda aholi daromadini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va bozorlarimizni mahalliy mahsulotlar bilan boyitishda tomorqa, bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligi muhim o‘rin tutmoqda.
Jumladan, Buxoro viloyati Olot tumani Qumkashon mahallasida yashovchi O‘ktam Navro‘zov xonadoni 25 sotix tomorqadan unumli foydalanib, dehqonchilikning har bir yo‘nalishida yuksak natijalarga erishmoqda. Xususan, 3 sotix maydonda tashkil etilgan issiqxonada “Vedrana” navli bulg‘or qalampiri ekilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, har bir ko‘chatdan bir mavsumda o‘rtacha 3 kilogrammdan ortiq hosil olinishi kutilmoqda. Bu esa umumiy hisobda 3 tonnaga yaqin hosil va 40 million so‘mdan ortiq daromad deganidir.

Bundan tashqari, xonadonning yana 3 sotix maydonida sholg‘om yetishtirilgan. Shuningdek, qizil lavlagi, baqlajon va ko‘katlar yetishtirish ishlari ham tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Bog‘dorchilik yo‘nalishida esa oila 500 kilogrammdan ortiq anor hosili yig‘ib oldi. Anorning nordon-shirin navlari saqlashga qo‘yilgan, ortiqcha hosil esa mahalladoshlarga sotilmoqda. Shu bilan birga, bu yil 1 tonnadan ortiq xurmo hosili kutilmoqda bu ham oila byudjetiga munosib qo‘shimcha daromad keltiradi. Navro‘zovlar xonadonida har bir qarich yer qadrlanadi.

Shuningdek, viloyatning Qorako‘l tumani Do‘rman mahallasida yashovchi Fayzullo Olimov issiqxonachilik sirlarini puxta o‘zlashtirgan mirishkorlardan. U o‘z tomorqasida zamonaviy issiqxona xo‘jaligini tashkil etib, pomidorning hosildor “Betis F1” navini yetishtirmoqda. O‘tgan mavsumda 300 million so‘m sof daromad olgan dehqon bu yil issiqxona maydonini kengaytirib, hosildorlikni yanada oshirishni maqsad qilgan.

Usta dehoqnning aytishicha, pomidor ekinlarini kasallik va zararkunandalardan himoya qilish uchun issiqxonada biologik usullar qo‘llanilib, kimyoviy moddalardan deyarli foydalanilmaydi. Shuningdek, har bir ekin qatori orasida shamollatish uchun yetarli masofa qoldirilgan. Fayzullo Olimovning tajribasi shuni ko‘rsatadiki, to‘g‘ri yondashuv va mehnatsevarlik bilan har bir tomorqa barakali daromad manbaiga aylanishi mumkin.
Zarif Komilov, O‘zA