Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tomorqa mehnati xonadonga to‘kinlik va baraka keltiradi
08:40 / 2025-05-25

Toshkent shahrining shundoq biqinida Toshkent viloyati Zangiota tumaniga qarashli ko‘plab mahallalar joylashgan. Ilgaridan ushbu hududda istiqomat qiluvchi tub aholi asosan dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullangan. Xonadonlarda yetishtirilgan turli mahsulotlar shaharliklar dasturxoniga muntazam yetkazib turilgan.

Yillar davomida aholi soni o‘sdi va natijasida turar-joyga bo‘lgan talab ortdi. Davlat tomonida aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida uy solish uchun yer ajratib berildi. Serunum, hosildor yerlar qisqarib, turarjoy binolari ko‘paydi. Keyingi paytlarda ushbu hududlar shaharga – Sergeli tumaniga o‘tkazildi. Ammo, tomorqadan foydalanish imkoniyati ko‘plab xonadonlarda saqlangan. Undan unumli foydalanayotgan aholi vakillaridan birining xonadonida bo‘lib, hovlidagi yashash sharoiti va tomorqadan foydalanish jarayonlari bilan tanishdik.

– Asli kasbim tikuvchilik. Kelin bo‘lgan paytlarimda shu soha bo‘yicha o‘qir edim. O‘qishni tamomlab “Qizil tong” nomli ishlab chiqarish korxonasiga ishga joylashdim. Farzandli bo‘lgach, bola tarbiyasi, uy ishlari bilan bo‘lib soha bo‘yicha faoliyatim cheklandi, – deydi Xonobod qishlog‘ining Beruniy mahallasida istiqomat qilayotgan Zohida Mirrahimova. – Kelin bo‘lib tushganimda o‘n to‘qqiz yoshda edim. Ro‘zg‘or tutishda hech qanday tajribam yo‘q, turmushning past-u, balandidan bexabar edim. Shu xonadonga kelgach, ro‘zg‘orning kam-ko‘stiga ko‘nikdim. O‘sha kezlardagi bir voqea hech yodimdan chiqmaydi. 

Kelin bo‘lib tushganimga endigina uch oy bo‘lgan. Kechasi bilan yomg‘ir tinmadi. Tong saharda qaynonam derazani taqillatib uyg‘otdi. Shosha-pisha hovliga chiqdim. Qaynilar, qaynsingillar qo‘llarida chelak ko‘tarib dalaga ketishyapti.

– Mana bu chelakni ko‘tarib, ularga yetib oling. Yomg‘ir tinib qolmasdan karamlarni ustiga sochib kelasizlar, – dedi. 

– Yomg‘ir yog‘yapti-ku, – dedim. 

– Shakarmidingiz erib ketasiz, chaqqonroq  bo‘laqoling, – dedi.

Bunaqangi ishlarni ota uyda qilmaganman. Keyinchalik ko‘nikdim, so‘ng shu turmushdan boshqasini tasavvur ham qilmay qoldim. Hozir hovlida bir qarich yerni bo‘sh qoldirmayman. Nimadir eksam, ro‘zg‘orning kemtigiga yaraydi. Ba’zi qo‘shnilarning hovlisini begona o‘t bosib yotganini ko‘rib, ko‘nglim ranjiydi. Erta bahorda turli ko‘katlar so‘rab chiqishsa, hayron qolaman. 

Zohida ona oltmish yoshdan oshgan bo‘lsa-da, hamon mehnatda. Bir qiz, ikki o‘g‘il to‘qqiz nabiraning suyuklisi bo‘lgan Zohida ona nabiralariga ham mehnat qilish orqali dasturxon to‘kin bo‘lishini uqtirib o‘z tajribasini o‘rgatib kelmoqda. Issiqxonada yilda ikki bor mahsulot yetishtirib, yaxshigina daromad ham oladi. Yerni boqish kerak, shunda yer ham seni rozi qiladi. Bu aqidaga amal qilgan onaxon yer parvarishiga alohida e’tibor qaratgan. Kuzgi mavsumda turli ko‘katlar va erta bahorda esa pomidor va bodring yetishtiradi.

– Dala ishlarini, dehqonchilik sirlarini qaynonamdan o‘rgandim. Kam bo‘lganim yo‘q. Yer bilan doim sirlashib turaman. Mart oyining boshlarida yerga qadalgan pomidor ayni damda hosilga kirdi. Tomchilatib sug‘orish orqali ekinlar yetarli ozuqani oladi. Issiqxonaga kirganimda har bir ko‘chatga mehr beraman. Qancha mehr ko‘rsatsam, shuncha zavq olaman. Yil davomida mo‘maygina daromad ham bor. Daromaddan nabiralarga uy qurdik, mashina oldik, to‘y qildik, ro‘zg‘orimiz doim to‘kin. Umra safariga bordik, nasib qilsa, yana borish niyatimiz bor. Yurtimiz tinch bo‘lsa, hali qiladigan ishlarimiz, maqsadlarimiz ko‘p, – deydi o‘z mehnatidan faxrlangan Zohida onaxon.

– Qulupnay uzoq yillik ekin turi sanaladi. Parvarishini yaxshi qilsangiz uch, to‘rt yilgacha hosil beradi. Shunisi borki, yerni ko‘p vaqt band qiladi, – deydi onaxon. – Kelasi yili tajriba tariqasida issiqxonaga qulupnay ekmoqchiman. Ko‘chatlar oralig‘iga ko‘katlar, so‘ng pomidor, undan so‘ng bodring ekishni reja qildim. Shunda bir vaqtning o‘zida ketma-ket ikki turdagi mahsulotni olish mumkin bo‘ladi. Bu ochiq dalada dehqonchilik qilgan paytda tajribadan o‘tgan. Erta bahorgi sabzi orasiga kashnich va ukrop sepganmiz. Sabzi hosilga kirguncha ko‘katlardan daromad olishga erishilgan. Qulupnay ko‘chatlari orasiga esa sarimsoq piyoz ekib bir vaqtning o‘zida ikkala ekindan yaxshigina hosil olingan. Buni issiqxona sharoitida qo‘llashning imkoni bor, albatta. Buning uchun yerni mahalliy va mineral o‘g‘itlar bilan to‘yintirish lozim bo‘ladi.

Xalqimizda mehnat qilgan inson elda aziz, degan naql bor. Mahallada o‘z mehnati bilan e’zoz topgan, yurt nazariga tushgan insonlar ko‘p, albatta. Onaxon aytganidek, yerni sevib, ardoqlasang, u seni quruq qoldirmaydi. Mehnat ortidan topilgan rizq ham barakali, ham totli bo‘ladi. 

Asror Sulaymonov, O‘zA