Prezident topshirig‘i – amalda
Surxondaryo viloyatining Termiz tumanidagi “Tomorqa maktabi”da tegishli vazirlik va idoralar hamkorligida Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda barcha viloyatlardan kelgan tumanlar hokimlari, viloyat va tuman hokimlarining mas’ul o‘rinbosarlari, mahalla raislari, hokim yordamchilari, usta-dehqonlar, tomorqa maktabini tashkil etish istagida bo‘lgan tadbirkorlar uchun ikki kunlik seminar o‘tkazildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 19 noyabr kuni kambag‘allikni qisqartirish hamda aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlar sarhisobi va kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida qishloq xo‘jaligi hisobidan aholi daromadlarini oshirishga alohida e’tibor qaratilib, tegishli vazifalar belgilab berildi.

Termiz tumanidagi tomorqa egalariga serhosil urug‘ni tanlash, ishni to‘g‘ri tashkil etish orqali yerdan daromadni keskin oshirishni o‘rgatishga ixtisoslashgan tomorqa maktabining samaralari qayd etilib, bu tajribani hududlarda ommalashtirish topshirig‘i berildi.
Mazkur vazifalar ijrosi doirasida tashkil etilgan seminarda mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan mehmonlar “Tomorqa maktabi”da yer egalariga serhosil urug‘ tanlab, dehqonchilik ishlarini to‘g‘ri tashkil etish va daromadlarini oshirish, mahsulotlarini sotish qanday o‘rgatilayotgani bilan yaqindan tanishdi. Bu haqda ishtirokchilarga sohaga mas’ul rahbarlar va mutaxassislar atroflicha tushuntirish berdi.

Bu maktabni Termiz tumanidagi “Namuna Elegant Agro” mas’uliyati cheklangan jamiyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi jamg‘armasining 4,3 milliard so‘m lizing asosida ajratgan mablag‘i hisobidan tashkil etdi. Maktabga yangi yondashuvlar asosida tomorqadan olinadigan daromadni oshirish, yuqori daromadli ekin turlarini ommalashtirish, aholiga mahsulotlarni qayta ishlash, saqlash va qadoqlashning zamonaviy usullarini o‘rgatish vazifasi qo‘yildi.

Maktab uchun zamonaviy o‘quv binosi, 3 gektar maydonda issiqxona va 3 gektarda o‘quv-tajriba maydoni barpo etilgan. Tomchilatib sug‘orish tizimi joriy qilingan. Uch gektar tajriba dala maydoni tashkil etilib, uchta kontur8 ta lotda 25 turdagi mahsulot yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. Mamlakatimizda xorijdan import bo‘layotgan banan, papaya, rozmarin, lavanda kabi mahsulotlarni ekib, parvarishlash o‘zlashtirildi. Tomorqaga ilm bilan yondashib, bir yilda Surxondaryo sharoitida 5 martagacha ekin ekish o‘rgatilayotir. O‘quv kurslariga olimlar, mutaxassislar, usta-dehqonlar biriktirilib, dala-o‘quv seminarlarda amaliy darslar o‘tkazilmoqda. Hozirgacha uch ming nafar ehtiyojmand aholi sitrus meva, anjir, xurmo, gul yetishtirish bo‘yicha maxsus kurslarda o‘qitildi. O‘z tomorqalaridan va ijaraga olingan yerlardan samarali foydalangan holda o‘zini-o‘zini band qilib, ishli bo‘ldi.

Kelgusi yil “Tomorqa maktabi” tajribasi asosida viloyatdagi 77 ming 558 ta aholi xonadoni va ijaradagi 2 ming 241 gektar yer maydoniga 14 xil turdagi serdaromad ekin ekilishi rejalashtirilgan.


Ishtirokchilar innovatsion maktabda ilmiy yondashuvlar asosida bir yilda besh martagacha hosil olish, yuqori daromadli sitrus mevalar, anjir, xurmo, gul va rozmarin kabi mahsulotlar yetishtirishni o‘rgatadigan o‘quv kurslari bilan tanishdi. “Tomorqa maktabi” faoliyati, undagi imkoniyatlar va erishilgan natijalar haqida yetarli ma’lumotga ega bo‘ldi. O‘zaro tajriba almashdi. Termiz tumanidagi “Leto” kompaniyasida eksport uchun yuqori daromadli ekinlar yetishtirish va logistika markazi, Angor tumanida aholi xonadonlarida eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlari parvarishlash, Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” massivida yoshlarni kasb, til va IT-texnologiyalarga o‘rgatish markazi, xizmat ko‘rsatish va servis maskani hamda Qiziriq tumanida ochiq kollektorlarni zamonaviy uslubda yopiq tizimga o‘tkazish orqali ochilgan maydonda tashkil etilgan tadbirkorlik loyihalari va boshqa tajribalar bilan ham tanishdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri