Buxoro viloyatining eng chekka hududlaridan biri sanalgan Olot tumani bugungi kunda tomorqadan unumli foydalanish, aholi bandligini ta’minlash va oilalar daromadini oshirish yo‘lida katta natijalarga erishayotgan tumanlardan biriga aylanmoqda.
Ma’muriy jihatdan 38 ta mahalla fuqarolar yig‘iniga bo‘lingan tumanda 22 mingdan ortiq xonadon, qariyb 30 mingga yaqin oila istiqomat qiladi. Bugungi kunda tuman aholisining hayot tarzida tomorqa yerlari, dehqonchilik va issiqxonachilik muhim o‘rin tutadi. Yerdan samarali foydalanish nafaqat qishloq aholisining daromad manbai, balki bozorlar to‘kinligini ta’minlovchi asosiy omillardan biri.
Aytish lozim, Prezidentimizning 2025 yil 14 fevraldagi “Tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari faoliyatida zamonaviy tashkiliy tizimni joriy qilish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlarga yangi sur’at bag‘ishladi.
[gallery-27435]
Bugungi kunda tumanda aholi ixtiyoridagi tomorqa maydoni 2 767 gektarni tashkil etadi. Dehqon xo‘jaliklari tasarrufidagi yerlar esa 1 516 gektardan iborat. Mazkur yer maydonlariga zamonaviy yondashuvlar asosida ishlov berilib, 2025 yilda qariyb 80 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtirildi.
Tumanning Bo‘ribek Chandir mahallasida 3,5 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi. Bu yerlik aholi asosiy dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Shu bois mahalla ahli ekin yerlaridan unumli foydalanishga katta e’tibor qaratgan.
– Mahallamizda deyarli har bir xonadonda issiqxona bor, – deydi mahalla raisi Faxriddin Mansurov. – Jahon taraqqiyoti banki mablag‘lari hisobidan 40 ta issiqxona qurib berilgan. Bu tajriba aholiga katta turtki bo‘ldi. Endi ko‘pchilik o‘z mablag‘i yoki kredit asosida yangi issiqxonalar barpo qilmoqda. Natijada aholining moddiy manfaatdorligi ortmoqda.
Shuningdek, “Tashabbusli byudjet” dasturi doirasida mahalladagi ariqlar betonlashtirilib, suv ta’minoti yaxshilanmoqda. Bu esa hosildorlikni yanada oshirishga xizmat qilmoqda. Mahallada tomorqachi va issiqxonachi xonadonlar “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida loviya yetishtirishda katta tajriba to‘plagan.
Qishki mavsumda esa pomidor, bodring, sarimsoqpiyoz, karam, bulg‘or qalampiri kabi mahsulotlar yetishtirilib, mahalliy bozorlar doimiy ravishda sifatli mahsulot bilan ta’minlanmoqda.
– Har yili bahorda pomidor ko‘chatlari yetishtirib, keyin bulg‘or qalampiri ekamiz. 3 sotixda 1 ming 100 ta ko‘chat o‘tqazdik. Hozirgacha 1 tonna hosil yig‘ib topshirdik. Bulg‘or qalampirini 1 kilosini 25 ming so‘mdan sotdik. Birinchi hosilning o‘zi 30 million so‘mdan ziyod daromad keltirdi, -deydi Olmagul Safarova.
Mahalladagi tajribali tomorqa egalaridan biri Tursuntosh Ostonova ham mehnat orqali orzu-umidlariga yetishayotganini ta’kidlaydi.
– Issiqxona insonga zavq bag‘ishlaydi. Yashillik, mehnat va sabr bilan barcha orzu-havaslarimizga erishyapmiz. Yuqori hosil olishda suv ta’minoti hal qiluvchi ahamiyatga ega.
– Avval tumanda sanoqli issiqxona bor edi. Bugun esa davlat rahbarining tashabbusi, subsidiyalar va imtiyozli kreditlar natijasida 5 mingdan ortiq issiqxona mavjud. Olotliklar hatto kuzda kartoshka ekib ham yuqori hosil olmoqda. Natijada aholi daromadi yil sayin oshib bormoqda, – deydi Olot tumani hokimi Nargiza Ne’matova.
Ko‘rinib turibdiki, Olot tumanida mehnatsevar, tadbirkor aholi ko‘p. Ular bir qarich yerdan ham unumli foydalanib, o‘z oilasi farovonligini ta’minlamoqda, shu bilan birga mamlakatimiz bozorlarini sifatli mahsulot bilan ta’minlashga munosib hissa qo‘shmoqda.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.