Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tomorqa — daromad manbai
15:20 / 2025-09-23

Jizzax viloyatining Forish tumanidagi “Egizbuloq” mahalla fuqarolar yig‘inining Gulbuloq qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Bobir Isorov va uning turmush o‘rtog‘i Muqaddas Xoliqovalar tomorqasidan unumli foydalanayotgan ishbilamonlar hisoblanishadi.Ular o‘z tomorqasiga sabzi, piyoz, pomidor, qovun, tarvuz hamda oshqovoq ekishadi.Bundan tashqari, hovlida ko‘plab mevali daraxtlar qo‘r to‘kib turibdi.

– Bu yil, xudoga shukur, yong‘oq daraxtlarimiz kutganimizdan ko‘ra ko‘proq hosil berdi. Boshqa mevali daraxtlarimizning ham hosili yaxshi bo‘ldi. Tomorqamiz sharofati bilan farzandlarimizni uyli-joyli qildik, mashina oldik, uyimizni ko‘ngildagidek ta’mirlab oldik, – deydi Muqaddas opa.

Prezidentimizning 2025 yil 14 fevraldagi “Tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari faoliyatida zamonaviy tashkiliy tizimni joriy qilish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni tomorqani barqaror daromad manbaiga aylantirish uchun ishonchli asos bo‘lmoqda.

Mazkur farmonga ko‘ra, har bir tomorqa yer egasiga agrotexnik yordam, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, urug‘lik va nihollar bilan ta’minlash, bozorga chiqish imkoniyati singari qator qulayliklar yaratildi. Bu – tomorqa faqat yakka tartibdagi tirikchilik vositasi emas, balki iqtisodiy tizimning bir bo‘g‘iniga aylantirilayotganidan dalolatdir.

Bobir aka va Muqaddas opa tajribasi ham aynan shuni tasdiqlaydi: mehnat bor joyda baraka bor. Ular faqat o‘z farzandlariga emas, balki qishloqdagi boshqa yoshlarga ham ibrat bo‘lmoqda. Gulbuloqdagi har to‘rtta xonadondan uchtasida tomorqa – asosiy daromad manbaiga aylangan. Bu esa qishloq xo‘jaligining yangi nafas bilan yashnayotganini ko‘rsatadi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA