Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tomorqa – daromad manbai
12:47 / 2023-12-22

Olot tumani Bahrinbayot qishlog‘ida yashovchi Mirzayevlar oilasi bir necha yildirki, hovlisi etagidagi ekin yerida issiqxona barpo etgan va yilning to‘rt faslida ham dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. Ular ekin yeri har qarichidan barakali hosil olishning uddasidan chiqishmoqda.

Xo‘jalik bugunga kelib daromad olayotgan tomorqasi maydonini 21 sotixga kengaytirgan. Ilg‘or oilaviy tomorqachilar bu issiqxonada yil bo‘yi sarxil navli pomidor, bodring, piyoz, bulg‘or qalampiri bilan birga kartoshka va yana “to‘qsonbosti” usulida ekib yetishtiriladigan mahsulot va ko‘katlari hosilidan yaxshigina daromadga ega bo‘lmoqda.  

–Tomorqa mehnati oson emas, ammo peshona teri bilan halol-pokiza ishlasa, yer bilan “tillashsa”, albatta, yer ham sohibkorni quruq qoldirmaydi, –deydi xonadon egasi, mirishkor dehqonlardan biri Mahmudjon Mirzayev. –Masalan, issiqxonadan yilning to‘rt faslida barakali hosil olish mumkin. Faqat ekin yeriga yaxshi qarash kerak, puxta mehnat samara beradi. Vaqtida o‘g‘iti, suvini berib, qishda “sho‘ri yuvilsa”, kerak paytda o‘simlik va hosil nishonalari biologik parvarish qilinsa, marra sizniki.  

–Kech kuzda ekin yerini obdon tayyorlab, begona o‘tdan tozalab, o‘g‘it berib, haydab ish boshladik, –deydi Xushnud Mirzayev. –Mahmudjon akam bilan “mushtni bir joyga urib” kartoshka ekishga qaror qilganimizdan so‘ng, “ikkinchi non” deya e’zozlanadigan kartoshkaning yuz kunda pishadigan, sovuqqa bardoshli sara navidan ekdik. Jami hisobda 350 kilogram urug‘ni yerga qadab, parvarishni boshladik. O‘tgan yili tajriba tariqasida bir jo‘yakka 23 kilogram urug‘lik kartoshka ekib, uch oylik mehnatdan so‘ng undan 120 kilogramdan orttirib hosil olganmiz. Bu safargi hosilimiz ham barakali bo‘lishiga ishonamiz.

Albatta, qishloqda oilalarning asosiy daromadi yerdan, dala-dehqonchilik ishlari, tomorqa xo‘jaligidan. Shu bois, hovli etagidagi tomorqasini qish-qirovli mavsumda ham yashnatib, issiqxonasida mehnat qilayotgan mirishkorlar ayni yangi yil kunlarida hosil yig‘ib, peshona teri evaziga mo‘may foyda ko‘rishlari tayin. Mahmudjon Mirzayev va uning ukasi oilasi ham xuddi shu yo‘ldan borib, tomorqasini xazina bilib, ro‘zg‘orlari kam-ko‘stini butlayotgan, orzu-havaslarini ko‘rayotganlardandir.  

Zarif Komilov,  

O‘zA muxbiri