Azal-azaldan ona-zamin bitmas–tuganmas xazina sifatida ulug‘lanib kelingan. Hozirgi kecha kunduzda esa tomorqani rivojlantirishga davlat darajasida e’tibor qaratilmoqda.
Buxoro viloyati Vobkent tumanida ham shaxsiy ekin maydonlaridan mo‘l va sifatli hosil olish borasida katta tajriba to‘plangan. Buni tumandagi Shakarkent mahallasi aholisining tomorqadan unumli foydalanish tajribasi misolida ko‘rish mumkin.
– Biz shakarkentlik ko‘plab xonadon egalarining ish andozalarini boshqa hududlarda keng tatbiq etmoqdamiz, – deydi tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aziz Mirakov. – Tumanda 2853 gektar tomorqalar mavjud. Bundan samarali foydalanish uchun barcha imkoniyatlardan foydalanyapmiz. Tavsiyalarimizni ham berib borayapmiz. Mazkur mahallada biron qarich yer bo‘sh qolmaydi, samarali foydalaniladi. Bu hudud tajribasini boshqa hududlarga ham ommalashtiryapmiz.
Mahallaga qarashli Qalach qishlog‘idamiz. Mazkur hududning tomorqasida ixcham issiqxonasi bo‘lmagan xonadonning o‘zi yo‘q. Bu yerda barcha doimiy mehnat bilan band. Asadovlar xonadonida bunga yana bir bor amin bo‘ldik.
–Yerga mehr bergan kishidan ona zamin o‘z saxovatini ayamaydi, – deydi oila sardori Avazxon Asadov. –O‘tgan yili “Namunali tomorqachi” ko‘krak nishoniga ega bo‘lgan edim. Maqsadimiz limon, pomidor, bodring hosillarini yetishtirib, aholi dasturxoniga arzon mahsulotlarni yetkazishdan iborat.
Ma’lumot uchun shu kecha -kunduzda Buxoro viloyatida jami 43 ming 101 gektar aholi tomorqasi mavjud. Hozirgi kunga kelib unga bo‘lgan munosabat ijobiy tomonga sezilarli darajada o‘zgardi. Buni bozorlardagi mahsulotlar arzonligidan ham bilsa bo‘ladi. Yurtimizdagi bunday to‘kinlik manbaalarini yaratishda albatta, tomorqa yer egalarining ham munosib hissasi bor.
Zarif Komilov, O‘zA