Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tomorqa – barqaror daromad manbai
17:41 / 2025-12-25

FOTOREPORTAJ

Farg‘ona viloyatida aholi tomorqalaridan samarali foydalanish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish hamda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayon samarasi Farg‘ona tumanidagi “Boymahalla” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi Ilyosbek No‘’monov xonadonida ham o‘z aksini topgan.

Ushbu xonadonni chin ma’noda tadbirkorlar oilasi, deb atash mumkin. Xonadon egalari mavjud imkoniyat va resurslardan unumli foydalangan holda bir nechta yo‘nalishda daromad manbaini yo‘lga qo‘ygan. Jumladan, tomorqaning 3 sotix yer maydonida lavanda gullari yetishtirilmoqda. Hovliga kirgan insonni xushbo‘y ifor bilan qarshi oladigan ushbu o‘simlik nafaqat estetik jihatdan jozibali, balki iqtisodiy jihatdan ham foydali.  

No‘’monovlar oilasi lavanda gullaridan turli mahsulotlar tayyorlashni ham yo‘lga qo‘ygan. Xususan, lavanda talqonlari solib ishlab chiqarilayotgan yostiqlar mahalliy aholi o‘rtasida talabga ega bo‘lmoqda. Shuningdek, xonadonda yuzga yaqin xonaki tovuq parvarishlanadi. Ularning sifatli va ekologik toza tuxumlari qo‘ni-qo‘shni va mahalla aholisining kundalik ehtiyojini qondirmoqda.  

[gallery-26901]

Xonadonda zamonaviy texnologiyalardan foydalanishga ham katta ahamiyat qaratilgan. Xususan, quyosh panellari orqali xonadon to‘liq elektr energiyasi bilan ta’minlanmoqda. Muhimi, ortiqcha ishlab chiqarilgan elektr energiyasi tarmoqqa uzatilib, oyiga 3 million so‘mdan ortiq daromad keltirmoqda. Bu esa qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ahamiyati va iqtisodiy samaradorligini yaqqol namoyon etadi.  

Ana shunday namunaviy faoliyati e’tiborga olinib, mazkur oila yaqinda o‘tkazilgan “Eng yaxshi xonadon” tanlovining Farg‘ona viloyati bosqichida g‘olib deb topildi.  

No‘’monovlar xonadoni tajribasi mahalladagi boshqa oilalar uchun ham ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda.  

Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA