Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tomchilatib sug‘orishning afzalliklari ko‘p
18:06 / 2023-09-06

Sirdaryo viloyatining olis Sardoba tumani yerlarida dehqonchilik qilishning o‘ziga yarasha mashaqqatlari bor.

Davlatimiz rahbarining 2023 yil 1 apreldagi “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosining ta’minlanishi fermerlar og‘irini yengil qilmoqda.  

“Qo‘shchinor tong” fermer xo‘jaligida 60 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatilishi tufayli fermerni yillar davomida qiynab kelgan suvsizlik muammosi barham topdi. – Joriy yilda g‘o‘zaning serhosil navlaridan ekib, tomchilatib sug‘orish tizimlarini joriy qildik, – deydi fermer Abdumatal Jumabekov. – Bu mavsumda har gektardan 45–50 sentnerdan paxta hosili olishni rejalashtirib turibmiz.

Fermer dalasida o‘tkazilgan seminarda ishtirok etgan 40 nafardan ziyod qishloq xo‘jaligi sohasi xodimiga suv tejovchi texnologiyalarning afzalligi misollar orqali tushuntirildi.  

– Yildan yilga suv tanqis bo‘lib borayotgan bugungi davr uchun ushbu texnologiyalar kelajakda qurg‘oqchilikning oldini olishga xizmat qiladi, – deydi Quyi Sirdaryo ITHB bosh mutaxassisi U.Obidov. – Bu tizimning davlat darajasida qo‘llab-quvvatlanishi ham bejiz emas. Suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatgan fermerlarga har bir gektariga subsidiyalar, imtiyozli kreditlar berilmoqda. Albatta, bugungi fermer shuni yaxshi biladi: xarajatlar o‘zini oqlaydi.      

Sh.Suyarov, O‘zA muxbiri