French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tomchilatib sug‘orishdan “Lukoyl”gacha – Toshkent viloyatining yangi hokimi nimalar bilan band?
10:13 / 2021-02-04

Davron Hidoyatov ilk ish kunlaridayoq biznes doirasi vakillari bilan ko‘proq muloqot qilib, hududning investitsion salohiyatiga mos loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratmoqda.

Xususan, viloyat hokimi O‘rta Chirchiq tumani ma’muriy markazidagi bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdi.  

Ma’lumki, Nurafshon shahri Toshkent viloyati ma’muriy markaziga aylangani tufayli O‘rta Chirchiq tuman markazini tashkil etish va ijro etuvchi hokimiyat organlari bo‘lim va tashkilotlarini ko‘chirish zaruriyati yuzaga kelgan edi.  

Hozirgi kunda tuman ma’muriy markazi to‘liq qurib bitkazilgan bo‘lib, bunda tumanning barcha korxona va tashkilotlari shaharchaga joylashgan.  

Dastlab Davron Hidoyatov qurib bitkazilayotgan Ichki ishlar bo‘limi binosi hamda 400 qatnovga mo‘ljallangan tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida bo‘ldi. So‘ngra tuman hokimligi va xalq eng ko‘p murojaat qiladigan Davlat xizmatlari markazi imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi.  

Shundan so‘ng, viloyat hokimi 300 ming bosh parranda parvarishlanishi rejalashtirilayotgan “Agro stella” MCHJ va "Avangard-Agro-Impeks” MCHJ tomonidan barpo etilgan zamonaviy issiqxona faoliyatini ko‘zdan kechirdi.  

Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanida yerlarni sug‘orishda zamonaviy suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish masalalariga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminarda ham hudud mas’ullari bilan suvni tejovchi zamonaviy texnologiyalar ko‘zdan kechirildi.  

Prezidentimizning 2020 yil 11 dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, mazkur qarorning mazmun-mohiyati, unda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq vazifalar haqida ishtirokchilarga atroflicha ma’lumot berildi.  

Shundan keyin Davron Hidoyatov “Lukoyl” kompaniyasi mutasaddilari bilan ham uchrashdi. Xorij kompaniyasi mas’ullari kelgusida Nurafshon shahrida 10 ta yoqilg‘i quyish shoxobchasi bunyod etishni rejalashtirgan. Avtomobil egalari uchun zamon talablariga javob beradigan yoqilg‘i quyish shoxobchalari barpo etish masalasi muhokoma qilindi.  

Uchrashuvda chet ellik korxona Toshkent viloyatida maktabgacha ta’lim muassasalari barpo etish loyihasini amalga oshirishga kirishganligi ta’kidlandi. Hozirgi kunda Qibray tumanida bitta bog‘cha qurilmoqda.  

Shu kuni Davron Hidoyatov “Korzinka.uz” supermarketlar tarmog‘i asoschisi Zafar Hoshimov bilan ham muzokaralar o‘tkazdi. Muloqotda Yuqori Chirchiq tumanida qiymati 38 million dollar bo‘lgan yuklarni saqlash va taqsimlash ombori qurilishi masalasi muhokama qilindi. Xususan, 400 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladigan mazkur loyihani amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan mexanizm, shart-sharoitlar atroflicha muhokama qilindi.  

A. Musayev, O‘zA