Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tomchilatib sug‘orish – tejamkorlik va mo‘l hosil garovi
14:29 / 2021-01-11

Navoiy viloyati Karmana tumanida qishloq xo‘jaligi sohasida bog‘dorchilik, uzumchilik va meva-sabzavotchilikni rivojlantirishda suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalari, uning qurilish-montaj jarayonlariga bag‘ishlangan ko‘rgazmali amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

So‘nggi yilllarda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Birgina 2020 yilda qo‘shimcha 133 ming gektar maydonda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etildi.  

Ma’lumotlarga ko‘ra 2021 yilda 230 ming gektar maydonda mazkur texnologiyalarni joriy qilish, jumladan, 160 ming gektar paxta, 30 ming gektar mevali ekinlar, 15 ming gektar uzum va 5 ming gektar boshqa ekinlar yetishtiriladigan maydonlarda tomchilatib sug‘orish, 14 ming gektar donli ekinlar, 2 ming gektar sabzavot va poliz hamda 2 ming gektar ozuqabop ekinlar yetishtiriladigan maydonlarda yomg‘irlatib sug‘orish ko‘zda tutilmoqda.  

Bu borada Prezidentimizning 2020 yil 11 dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori dasturilamal vazifasini o‘taydi.  

bugungi kunda Navoiy viloyatining umumiy yer maydoni 10,9 million gektarni, shundan sug‘oriladigan yer maydoni 123,1 ming gektar yoki 1,1 foizni tashkil qiladi.

Suv resurslaridan oqilona foydalanish, irrigatsiya tizimi va sug‘orish tarmoqlarining foydali ish koeffitsentini oshirish maqsadida investitsiya dasturi bo‘yicha meliorativ ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha 37 ta loyihada 46 milliard 675,8 million so‘m mablag‘ o‘zlashtirish hisobiga 229,7 kilometr uzunlikdagi 5018 gektar sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holati barqaror saqlanishiga erishildi.  

Qishloq xo‘jaligida suv tejash maqsadida viloyatda 2746 gektar maydonda, jumladan, 1835 gektar paxta maydonida, 551 gektar bog‘ va tokzorlarda, 206 gektar ozuqa ekinlari uchun tomchilatib hamda 154 gektar maydonda yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasi joriy etildi.

Bundan tashqari, viloyat bo‘yicha 5 ming gektar maydonda ko‘chma egiluvchan quvurlar orqali sug‘orish tizimi joriy qilindi. Ushbu maqsadlar uchun 13 milliard so‘mlik subsidiya mablag‘lari ajratildi.

Viloyatdagi qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan barcha tumanlaridan 150 nafardan ortiq mirishkor dehqon va fermer xo‘jaligi rahbarlari ishtirok etgan seminarda viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sa’dulla Ismatov, viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Jahongir Boliyev va Quyi Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i Nurkamol Ataqulovlar tomonidan suvni tejovchi qurilmalarning foydali va afzal jihatlari to‘g‘risida batafsil tushunchalar berildi.  

Seminar davomida ishtirokchilar Karmana tumani Narpay hududidagi “Narpay Shohjahon kelajagi” fermer xo‘jaligi dalasida tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini qurilish-montaj jarayonlari va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish bilan tanishdi.

 

Abduvali BO‘RIEV, O‘zA