Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tomchilatib sug‘orish suvni va pulni tejaydi
13:15 / 2022-01-08

Farg‘ona viloyatida o‘tgan yilda 24,2 ming gektar yoki asosiy ekin maydonlarining 9,5 foizida suv tejovchi texnologiyalar joriy etildi.

 Shuningdek, suv resurslarini boshqarish, irrigatsiya-melioratsiya ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya bo‘yicha 99,2 milliard so‘mlik ishlar bajarildi.

Qishloq xo‘jaligi sohasida suvdan oqilona foydalanish borasida aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Jahon banki ishtirokidagi “Farg‘ona vodiysida suv resurslarini boshqarish 2-bosqich” loyihasi doirasida qiymati 14,7 million dollar bo‘lgan sug‘orish tarmoqlarini qurish, gidrotexnik inshootlarni qayta tiklash va tik sug‘orish quduqlarini  burg‘ulash  amalga oshirildi. Respublikada birinchilardan bo‘lib, yirik suv xo‘jaligi ob’ektlarini xususiylashtirish yoki davlat-xususiy sheriklik asosida foydalanish bo‘yicha 5 ta loyiha amalga oshirildi.  

Jumladan, Qo‘shtepa tumanida loyiha qiymati 4,7 million so‘m bo‘lgan Beshkapa va Do‘rmon nasos stansiyalari  hususiy sherikchilik asosida “Fergana Global textile” mas’uliyati cheklangan jamiyati paxta-to‘qimachilik klasteriga berildi va shu yilning o‘zida ushbu nasos stansiyalariga qilinadigan 467 million so‘m byudjet xarajatlari tejab qolindi.  

Markaziy Farg‘ona yerlarida dehqonchilik qilish – mashaqqat. Ayniqsa, Qo‘shtepa tumanining qariyb 70 foiz hududi unumdorligi past yerlar. Shu sababli qishloq xo‘jaligida ko‘zlangan natijalarga erishilmas edi.  “Fergana Global textile” paxta-to‘qimachilik klasteri tomonidan Isroilning “Netafim” kompaniyasi bilan hamkorlikda tomchilatib sug‘orishni tashkil etish loyihasi amalga oshirilmoqda.

 Birinchi bosqichda 215 gektar yerda tomchilatib sug‘orish joriy etildi. Buning uchun 17 ming kub metr sig‘imga ega sun’iy hovuz qurilib, 3 ta tik quduq qazildi. 520 ming dollarlik zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatildi. Mazkur texnologiya yordamida bir vaqtning o‘zida 60 gektar paxta maydonini sug‘orish mumkin. Samaradorlik yaxshi bo‘lmoqda. Masalan, suv, o‘g‘it va yoqilg‘i sarfi ikki baravar, mexanizatsiya jarayoni to‘qqiz martaga kamaygan. Hosildorlik keskin oshib, 44 sentnerni tashkil qildi. Loyihaning ikkinchi bosqichida, ya’ni bu yil 1 ming 200 gektar maydonda tomchilatib sug‘orishni joriy etish belgilangan. 

– Korxonamiz suv tejovchi texnologiyalar olib kelish, o‘rnatish bilan   shug‘ullanadi, – deydi “Belkontitour” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Nosirjon Rahmatullayev. – Shu kunga qadar Rishton, Yozyovon, Quva tumanlaridagi paxtachilik hamda bog‘dorchlik  xo‘jaliklarida 300 gektardan ortiq  maydonlarda tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish jihozlari o‘rnatildi. Bu yil suv yetib borishi qiyin bo‘lgan 1500 gektar ekin maydonlarida qulay va tejamkor qurilmalarni ishga tushirdik.

Bu yil viloyatda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etishga yanada muhim e’tibor qaratiladi. 


M. Sulaymonov, O‘zA