Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tomchilatib sug‘orish suvni 30-40 foizga iqtisod qiladi
10:02 / 2021-05-22

Buxoro viloyati Peshko‘ tumani Ibn Sino hududidagi “Buxoro servis agroklaster” MCHJ paxta maydonlarida tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini qo‘llash samaradorligiga bag‘ishlab o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda viloyat va tuman sektorlar rahbarlari, tumanlar hokimlarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, tajribali fermerlar, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtiruvchi klaster tuzilmalari agronomlari va boshqa sohaga aloqador tashkilotlar vakillari qatnashdi.

Joriy yilda viloyatda 15 ming gektar paxta maydonlari, 1 ming 100 gektar bog‘ va 539 gektar tokzor, 800 gektar boshqa ekinlar yetishtiriladigan dalalarda tomchilatib sug‘orish texnologiyalari joriy etiladi.

Seminar ishtirokchilari “Buxoro servis agroklaster” MCHJ tasarrufidagi tomchilatib sug‘orish texnologiyalari joriy qilingan dalalarda amalga oshirilgan ishlar bilan tanishtirildi.

Paxta xom-ashyosi yetishtirish uchun sarflanadigan xarajatlarning oddiy va tomchilatib sug‘orish usulidagi qiyosiy ko‘rsatkichlari, mineral o‘g‘itlarni avtomatlashtirilgan tizim asosida berish tartiblari tushuntirib berildi. Shuningdek, yangi sug‘orish tizimining afzalliklari xususida tajriba almashildi.

— Buxoroda qurg‘oqchilik ham bo‘lib turadi, – deydi “Buxoro servis agroklaster” MCHJ mutaxassisi Uyg‘un G‘afforov. — Shu bois biz bunga tayyor bo‘lishimiz kerak. Davlat rahbarining tashabbusi bilan tomchilatib sug‘oradigan texnologiya asosida sug‘orishni yo‘lga qo‘ydik. Eng asosiysi, g‘o‘zani vaqtida suvlaymiz. G‘o‘za parvarishida agrotexnik tadbirlarni bir kun ham ortga surib bo‘lmaydi. Kechikilgan har bir kun yoki soat hosildorlik sifatiga salbiy ta’sir qiladi. Masalan, suv qo‘yishni bir kun kechiktirsangiz gul tashlab yuborishi mumkin. Endi iqtisodiy samarasiga kelsak, birinchi yilda quvurlarni o‘tkazdik. Shu bois birinchi yilda xarajat ko‘p bo‘ladi. Lekin davlatimiz tomonidan shunga yarasha imtiyozlar ham berilmoqda. Keyingi yillarda xarajatlar qisqarib boraveradi. Faqat bir yillik kichik shlanglar o‘rnatiladi xolos. Yana bir tomoni suv to‘g‘ridan-to‘g‘ri tomiriga borgani sabab 50 foiz azotli o‘g‘it kam ishlatiladi. Tomchilatib sug‘oriladigan maydonlar kultivatsiya qilinmaydi. Bu tadbirlarga ketadigan mablag‘ ham tejab qolinadi.

— Birgina viloyatda qishloq xo‘jalik ekinlarini sug‘orishga yiliga o‘rtacha 1 trillion so‘mgacha mablag‘ sarflanadi, – deydi Amu-Buxoro irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i Erkin Fayzullayev. — Bugun aholi ko‘paymoqda. Odamlarning yerga bo‘lgan munosabati o‘zgardi. Viloyat aholisi 2 millionga yaqinlashdi. Lekin o‘sha yer, o‘sha suv. Keyingi yillarda bir qarich yer bo‘lsa ham o‘zlashtirilib, ekin ekilmoqda. Buning hammasiga suv kerak, albatta. Ilgari tomorqa xo‘jaliklariga suv ajratilmasdi. Hozir birinchi navbatda tomorqaga e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilda viloyatda 40 ming gektardan ortiq maydonda tomorqa ekinlari ekilgan. Ularni ham oqova suv bilan ta’minlashimiz kerak. Shu bois suvni tejovchi texnologiyalardan foydalansak, suv yetarli bo‘ladi. Hozirgi joriy qilinayotgan texnologiya esa suvni 30-40 foizga iqtisod qiladi.

Seminar qatnashchilari “Buxoro servis agroklaster” MCHJga qarashli mashina-traktor parkida qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, klaster tizimini takomillashtirish orqali yuqori hosildorlikka erishish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdimotida qatnashishdi.

2019 yildan boshlab "Buxoro servis Agroklaster" MCHJ va Ilmiy-innovatsiya Markazi tomonidan qishloq xo‘jaligi yerlarining raqamli masofaviy monitoringini rivojlantirish ishlari olib borilmoqda.

Ushbu loyihaning maqsadi ekin maydonlari holatini tezkor monitoring qilish, agrotexnik tadbirlarni rejalashtirish, dalalarda ishlaydigan texnikalarni nazorat qilish va dala jurnallarini yuritish imkonini beradigan qishloq xo‘jaligi sektorini raqamlashtirish, buxgalteriya jarayonlarini avtomatlashtirish, inson omilining ta’sirini kamaytirish asosida dastlabki hisob ma’lumotlarni shakllantirish uchun yerni masofaviy kuzatish tizimini joriy qilishdir.

Buning zamirida dehqon, fermer ishlagandan keyin yerdan daromad topsin, degan maqsad yotibdi. Shu bilan birga, unda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash ham nazarda tutilgan. Chunki aholi har yili ko‘payib bormoqda. Bu bozorda ehtiyoj ham ortib boryapti, degani. Shunday ekan, paydo bo‘layotgan ehtiyojni qondirishning eng asosiy yo‘llari bu unumdorlik va hosildorlikni oshirishdir.

Seminar ishida viloyat hokimi Botir Zaripov qatnashdi.

Zarif Komilov, O‘zA