English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tomchilatib sug‘orish: qulay va tejamkor
17:17 / 2023-07-28

Sirdaryo viloyati Xovos tumanining yerlari hosildor. Bu yerda boshqa hududlarga qaraganda qishloq xo‘jaligi ekinlari tez yetiladi. Mutaxassislarning fikricha asosan toshloq yerlar suvni ko‘p talab qiladi.

Tumanda 8 ming gektarga g‘alla, 8.5 ming gektarga chigit ekildi. Bu maydonlarda 650 nafar fermer mehnat qiladi. “Beshbuloq Asadbek” fermer xo‘jaligi rahbari 2011 yildan buyon yer bilan tillashib kelayotgan tajribali dehqonlardan. 73 gektar g‘alla, 66 gektar maydonga chigit ekilgan. Shundan 40 gektariga tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilgan. Tajribadan kelib chiqib, tejamkorlikda bu texnologiyalarga talab ko‘p.

– Bu yil suv tejovchi texnologiyalarni o‘rnatdik, – deydi “Beshbuloq Asadbek” fermer xo‘jaligi rahbari Baxtiyor Boboqulov. – Buni afzallik tomoni juda ko‘p. Birinchidan eng bebaho boyligimiz suvni tejaymiz. Ikkinchidan juda ko‘p vaqtdan yutamiz. Agar oqar suv bilan sug‘orishga 40 gektar joyimizga avvallari 10 kun sarflagan bo‘lsak, hozirda 3 kunda sug‘orish mumkin. Dori va o‘g‘itlarni suv bilan berish imkoni bor. Texnika sarf-xarajatlari kam. Yildan yilga suv tanqis bo‘lib borayotgan bugungi davr uchun ushbu texnologiyalar kelajakda qurg‘oqchilikning oldini olishga xizmat qiladi.  

Bu tizimning davlat darajasida qo‘llab quvvatlanishi ham bejiz emas. Suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatgan fermerlarga har bir gektariga subsidiyalar, imtiyozli kreditlar berilmoqda. Suv tanqisligi inobatga olinib joriy yilda Sirdaryo viloyatida suvni tejaydigan texnologiyalar orqali 2600 gektarga yaqin paxta maydonlarida tomchilatib sug‘orish tizimlari qayta ishga tushirish uchun qurilish montaj ishlari olib borilmoqda, 1400 gektar bog‘lar tomchilatib sug‘orilmoqda hamda 400 gektar g‘alla maydonlari yomg‘irlatib sug‘orilyapti.  

Paxta maydonlariga tomchilatib sug‘orish tizimi o‘rnatilganda har bir gektar uchun 8-12 million so‘mgacha subsidiya ajratiladi. Ushbu texnologiya orqali yetishtirilgan sabzavot ekinlari va kartoshka, uzum, ozuqabop, moyli, dukkakli ekinlar va dorivor o‘simliklar uchun ham gektariga 8 million so‘mdan subsidiya ajratish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, mevali ekinlarga 6 million so‘m va poliz ekinlariga 1.3 million so‘m subsidiyalar beriladi. Hosildorlikni oshirish va joriy xarajatlarni tejash hisobiga 10 gektar paxta maydonida oddiy usulda sug‘orilganda 49 million so‘m foyda qilinadigan bo‘lsa, tomchilatib sug‘orish tizimi qo‘llanilganda 134 million so‘m daromad ko‘rilishi hisob-kitob qilingan.  

– Paxta dalasi ilgarilari qiyin sug‘oriladigan maydon bo‘lgan. 67 gektarda ochiq usulda sug‘orilganda 15-20 sentner hosil olingan, – deydi “Peng-Sheng” qo‘shma korxonasi bosh direktori o‘rinbosari G‘ofurjon Ahmedov. – Zamonaviy texnikalar yordamida chigit plyonka ostiga ekiladi va bir vaqtning o‘zida tomchilatib sug‘orish tizimi ham o‘rnatiladi. Besh barobar suvni kam ishlatyapmiz. Mineral o‘g‘itlar bilan to‘yingan suv g‘o‘zaning ildiziga boradi. Plyonka, yer osti va yer usti quvurlari, xullas barcha zarur uskunalar o‘zimizning korxonada ishlab chiqariladi.  

O‘tgan besh yilda Sirdaryo viloyatida 51 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiya joriy qilindi. Jumladan 11 ming gektardan ortiq maydonda tomchilatib, 400 gektarda yomg‘irlatib, 5620 gektar paxta maydonlarida diskret sug‘orish hamda 30 ming gektar maydonda lazerli tekislash ishlari amalga oshirildi. Suv tejovchi texnologiyalari joriy qilinganidan so‘ng suv ta’minoti bilan bog‘liq muammolar bartaraf etildi.  

– Bu yerni 7 yil muqaddam olganman, – deydi fermer Abdumutal Jumabekov. – 5-6 yildan buyon ishga tushira olmasdik. G‘alla ekardik. Hosildorlik 25-30 sentnerdan oshmasdi. O‘tgan yili paxta ekib, oqar suv bilan sug‘orib 25 sentnerga zo‘rg‘a yetkazdik. 5-6 kilometrdan suvni qiynalib olib kelardik. Bu yil tomchilatib sug‘orish tizimi bilan o‘z vaqtida sug‘ordik.  

Ushbu maydonga qo‘shni “Inomjon Orzusi” fermer xo‘jaligi dalasida ham 40 gektar tomchilatib sug‘orish tizimlari o‘rnatilgan. Hisob kitoblarga qaraganda 12 foiz ekin maydonlarida suvni tejovchi texnologiyalar joriy etilishi bilan vegetatsiya davrida viloyat bo‘yicha 65 million kub suv iqtisod qilinadi va qo‘shimcha 10 ming gektardan ortiq maydonda takroriy ekin uchun suv zaxirasi yaratiladi.  

Sh.Suyarov, O‘zA