Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1993 yil 22 fevralda qabul qilingan qarori bilan 22 mart – Butunjahon suv kuni deb e’lon qilingan.
Ushbu sana munosabati bilan “O‘zsuvta’minot” AJ tashabbusi bilan Osiyo taraqqiyot banki, O‘zbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda poytaxtimizdagi "Magic city" oilaviy ko‘ngilochar bog‘ida “Tomchida hayot mujassam” shiori ostida fleshmob o‘tkazildi.
[gallery-11116]
Tadbir odamlar e’tiborini suv resurslarining kamayishi va ifloslanishi bilan bog‘liq muammolarga qaratish, ularni bu bebaho ne’matni asrab-avaylashga da’vat etishga bag‘ishlangani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Unda suvni tejash va undan oqilona foydalanish bo‘yicha tavsiyalarni o‘z ichiga olgan risolalar hamda “O‘zsuvta’minot” AJ tomonidan tayyorlangan “Aqua” xalqaro ilmiy-ommabop jurnali va “Tomchivoy” bolalar jurnali tarqatildi.
Tadbir doirasida yig‘ilganlar o‘rtasida suv mavzusida turli tanlovlar tashkil etilib, g‘oliblar tashkilotchilar tomonidan rag‘batlantirildi. “Samo” bolalar ijodiy jamoasining chiqishlari tadbirga o‘zgacha zavq bag‘ishladi.
Nilufar Bozorova,
Davron Ernazarov, O‘zA