Ertaga, 24 oktyabr kuni mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tadi. Shu sababli respublikamizda ushbu siyosiy jarayonga puxta taraddud ko‘rildi.
Saylov jarayonlarini kuzatish maqsadida yurtimizga ko‘plab mamlakatlardan xorijlik kuzatuvchilar ham tashrif buyurgan.
Ulardan biri chexiyalik kuzatuvchi Tomas Urban. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston va Chexiya Respublikasining tarixi bir-biriga o‘xshash. Shu bois Tomas Urban mamlakatimizdagi o‘zgarishlar muntazam kuzatib boradi.
– Yurtingizga ilk bor 2019 yilda kelganman. Unda Nukusda o‘tkazilgan xalqaro anjumanda ishtirok etganman. Bu safar esa ilk bor Prezident sayloviga kuzatuvchi bo‘lib keldim. Mamlakatingizdagi Prezident sayloviga tayyorgarlik ishlarini kuzatish barobarida Xalqaro media-xollda tashkil etilgan ochiq muloqotda ham qatnashdim. Unda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari, saylovlar haqida qizg‘in munozaralar bo‘lib o‘tdi. Men tarixiy Samarqandda bo‘laman va u yerdagi saylov uchastkalarida jarayonni kuzataman, – dedi Tomas Urban.
Nasiba Ziyodullayeva, Oybek Pardayev (foto), O‘zA