Tomas Bilek: Sho‘rchida saylovchilar o‘z huquqidan emin-erkin foydalanmoqda
Sho‘rchi tumanidagi 61 saylov uchastkasida 111 ming nafardan ziyod saylovchi ro‘yxatga olingan. Saylov jarayonini xorijlik mehmonlar ham kuzatib, milliy qonunchiligimiz asosida o‘tayotganiga munosib baho bermoqda.
– Biz Sho‘rchidagi saylov uchastkalarida bo‘lib, bevosita fuqarolarning ovoz berish jarayonlarini kuzatdik, – deydi chexiyalik xalqaro kuzatuvchi Tomas Bilek.–Tumandagi saylov uchastkalari a’zolari va kuzatuvchilar faoliyati ham e’tiborimizdan chetda qolmadi. Biz shuning guvohi bo‘ldikki, saylovchilar o‘z huquqidan emin-erkin foydalanmoqda. Umuman olganda har bir saylovchi o‘zi munosib ko‘rgan nomzodga ovoz berayotir. Bu jarayon muhim siyosiy tadbirning ochiq, shaffof o‘tayotganini namoyon etmoqda. Qaysi saylov uchastkasiga bormaylik, bizga ko‘rilgan tayyorgarlik ishlari va saylovchilarga yaratilgan sharoitlar haqida atroflicha ma’lumot berilmoqda.


Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA