Samarqandda ichki ishlar idoralarida mehnat qilayotgan xotin-qizlar o‘rtasida an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan “To‘maris izdoshlari” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Unda respublikamizning barcha hududlaridan kelgan jamoalar bir necha shart bo‘yicha o‘z bilim va salohiyati, jismoniy va jangovar qobiliyati, kasbiy mahorati va matonatini namoyish etdi. Xususan, 800, 400, 200 va 100 metrga estafeta yugurish, yaradorlarni jang maydonidan olib chiqish va erkin uslubda 50 metr masofaga suzish va dala o‘quv maydonidagi bellashuvlar ayol xodimalarning nechog‘lik epchil va tezkorligini ko‘rsatdi.

Tanlov natijalariga ko‘ra, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni Ichki ishlar vazirligi akademiyasi xotin-qizlari qo‘lga kiritdi. Qashqadaryo viloyati jamoasi ikkinchi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vazirligi va Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi jamoalari uchinchi o‘rinni egalladi.

G‘olib jamoalar va faol ishtirokchilar O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.
G‘.HASANOV, O‘zA