Poytaxtimizda kuch tuzilmalari safida xizmat qilayotgan harbiy xotin-qizlar o‘rtasida o‘tkazib kelinayotgan “To‘maris izdoshlari” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichiga start berildi.

Harbiy xizmatchi ayollar o‘z kasbining haqiqiy ustasi sifatida Vatan oldidagi muqaddas burchini sadoqat va fidoyilik bilan ado etishi, oilada latofatli beka va mehribon ona sifatidagi ulug‘ mas’uliyatli vazifalarini ham bekamu-ko‘st bajarib kelayotganini keng jamoatchilikka ibrat namunasi sifatida namoyon etish maqsadida tashkil etilgan mazkur tadbir “Vatan mehri yuragimda” shiori ostida o‘tkazilmoqda.

Tanlov Yangi O‘zbekiston bog‘idagi “Mustaqillik monumenti” poyiga gulchambar qo‘yish marosimi bilan boshlandi. Marosimda Bosh vazir o‘rinbosari - Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova ishtirok etdi.

Shuningdek, favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari, polkovnik N.Kadirov O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida harbiy xizmatchi xotin-qizlar ishtirokida o‘tkazilgan tantanali harbiy paradda ishtirok etdi.

Tadbirda kuch tuzilmalari safida xizmat qilayotgan, o‘z burchini sharaf bilan ado etayotgan jasoratli xotin-qizlar hamda harbiy orkestr jamoasi qatnashdi. Unda ishtirokchilar belgilangan shartlar bo‘yicha bellashmoqda.
Tanlov 9 oktyabr kuniga qadar davom etadi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA