Suv – hayot,uning qadriga yetaylik
Maqolning davomi ko‘pchilikka ma’lum. Bu naql tejamkorlik, ne’matlardan unumli foydalanish bilan bog‘liq fikrlarni asoslash uchun qo‘llanilsa-da, to‘g‘ridan to‘g‘ri tushunilganda ham yirik daryolar, suv o‘zanlari tomchilardan paydo bo‘lishini ifodalaydi. Yana suvning har tomchisi qadrli, bir tomchi suvni ham uvol qilma, degan gaplar bor. Bularning barchasi eng aziz ne’mat – suvni qadrlashga, asrab-avaylashga, undan tejamkorlik bilan foydalanishga da’vat, aslida.
Ammo ayni chog‘dagi suvga munosabatimiz, undan foydalanish ko‘nikmamiz bu da’vatlarga deyarli amal qilmayotganimizni ko‘rsatadi. Dunyoning qaysidir joylarida qurg‘oqchilik bo‘layotgani, cho‘llanish darajasi oshib borayotgani, odamlar toza ichimlik suviga zorligi, suv tanqisligi sababli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari kam ishlab chiqarilayotgani haqidagi xabarlarni o‘qiymiz, o‘zimiz ham ba’zida shunday misollar keltiramiz, achinib gapiramiz. Lekin bu gaplarning mohiyatini anglamaymiz, bizda suv borku deb xotirjam bo‘lamiz va suv narxi oshishi yoki artezian quduq orqali ekinlarni sug‘orish uchun ishlatiladigan suv hisobi yuritilishi haqidagi xabarlarni og‘rinib qabul qilamiz. Eng qimmatli ne’matning qadrini juda past baholaymiz. Vaholanki, yildan yilga suv resurslari kamayib borayotgani, iqlim o‘zgarishlari tufayli muzliklar eriyotgani, yer osti suvlari sathi tushib ketayotganini ko‘rib turibmiz.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Samarqand viloyatining suvga bo‘lgan ehtiyojining 98 foizini qondiradigan Zarafshon daryosi ta’minoti keyingi yillarda o‘rtacha ko‘p yillik me’yordan 18-22 foizga kamayib bormoqda. Daryo havzasidagi hududda esa aholi soni yildan yilga ortib bormoqda. Mutaxassislarning qayd etishicha, Zarafshon daryosi suvlari shakllanadigan Fedchenko muzligining hajmi so‘nggi 50 yilda 30 foizga qisqargan va bu jarayon tobora tezlashib bormoqda.
Bugungi kunda viloyatda suv tanqisligi 900 million kub metrni tashkil qiladi, 2030 yilga borib bu raqam 1,1 milliardga yetishi mumkinligi bashorat qilinmoqda. Ushbu ko‘rsatkich bundan 5-6 yil oldin 650-700 million kub metrni tashkil etgan. Bu kabi ma’lumotlar har birimizni chuqur mulohaza qilishga, suvning qadri bugun hayot- mamot masalasi ekanligini anglashga undaydi.
Shuning uchun ham yakuniga yetayotgan yilning 29 noyabr kuni davlatimiz rahbari tomonidan o‘tkazilgan qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan oqilona foydalanish va sarflanadigan suv resurslarining yo‘qotishlarini kamaytirish chora-tadbirlariga qaratilgan videoselektor yig‘ilishida suvni tejash bo‘yicha favqulodda ish tizimiga o‘tilishi aytildi. Suv tanqisligining salbiy ta’sirini yumshatish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda suv resurslaridan samarali foydalanish yuzasidan vazifalar belgilab berildi. 2023-2024 yillar kuz-qish mavsumi “kanallarni betonlash bo‘yicha zarbdor yil” deb e’lon qilindi.
– Prezidentimiz tomonidan berilgan topshiriqlar asosida 93 kilometr magistral kanallarni hamda 2300 kilometr ichki ariqlarni betonlashtirish belgilangan, – dedi Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Sh.Xudoyberdiyev kuni kecha o‘tkazilgan Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining sessiyasida. – Ayni paytda barcha tumanlarda bu borada ishlar olib borilmoqda. Kanal va ariqlarni betonlashtirish hisobiga 569 million kub metr suv iqtisod qilinishiga erishiladi.
Suv resurslaridan samarali foydalanishda suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish ham muhim vazifa hisoblanadi. Bu borada 2023 yilda qariyb 30 ming gektar yerda suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatildi. Jumladan, 8132 gektarda tomchilatib, 890 gektarda yomg‘irlatib,141 gektarda diskert, 2100 gektarda egiluvchan quvurlar yordamida, 966 gektarda plyonka to‘shab sug‘orish texnologiyalari joriy qilindi. 17,7 ming gektar maydonda lazerli yer tekislash tadbirlari amalga oshirildi. Buning natijasida, 79 million kub metr suv iqtisod qilindi. 2024 yilda 54 ming 883 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirganmiz va buning hisobiga 155 million kub metr suv iqtisod qilinishiga erishamiz. Umuman, 2024 yil yakuniga borib suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlar 183,6 ming gektarga yetkaziladi va bu viloyat bo‘yicha suvli maydonlarning 48 foizini tashkil etadi. Suvli maydonlarda lazerli yer tekislash tadbirlarini amalga oshirish uchun paxtachilik tumanlaridagi har bir suvdan foydanuvchilar uyushmalarida kamida bittadan, jami 45 ta lazerli yer tekislagichlar sotib olish ko‘zda tutilgan.
Suv resurslarini iqtisod qilish, suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish hamda sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini (“aqlli suv” tizimi) joriy qilish hisobiga suv ishlatish samaradorligi 18 foizga yetkazildi.
Bugungi kunda viloyatdagi 390 ming gektar sug‘oriladigan yer maydonining 18 foizidan ortiq qismi nasoslar yordamida suv bilan ta’minlanadi. Ammo mavjud 94 ta nasos stansiyasining 52 tasi ma’nan eskirgan. Ularning suv chiqarish quvvati kamayib ketganligi, elektr energiyasi me’yoridan ortiqcha sarflanayotganligi va avariya holatlari kuzatilayotganligi sababli eng muammoli bo‘lgan 15 tasini 2026 yilga qadar modernizatsiya qilish belgilangan. Bu chora-tadbirlar natijasida 23,4 ming gektar yer maydonida suv ta’minoti yaxshilanadi, 3686 gektar yer maydoni qayta foydalanishga kiritiladi, 77 ta nasos agregati zamonaviysiga almashtiriladi va foydali ish koeffitsiyenti 15 foizga oshadi.
Sohada davlat xususiy sherikchilik tamoyilini joriy etish maqsadida Narpay, Bulung‘ur, Qushrabot va Payariq tumanlaridagi 12 ta nasos stansiyasi, 53 kilometr uzunlikdagi 4 ta kanal, 265 kilometr kollektor va 62 dona sug‘orish quduqlari tadbirkorlarga berildi. Bu bilan 114 million kub metr suv, 7,5 million kVt/soat elektr energiyasi va 12,8 milliard so‘m byudjet mablag‘lari tejalishiga erishildi.
– Ushbu yo‘nalishdagi ishlar 2024 yilda ham davom ettirilib, 9 ta nasos stansiyasi, 209 ta sug‘orish qudug‘i, 61 ta kanal va 156 dona kollektor davlat xususiy sheriklik shartlari asosida xususiy sektorga beriladi, – dedi Sh.Xudoyberdiyev. – Samarqand tajribasi sifatida Payariq tumanidagi Mingchuqur nasos stansiyasi quyosh panellari o‘rnatgan holda foydalanish uchun Xitoyning “TCI ENERGY” kompaniyasiga berilmoqda. Investor tomonidan stansiya agregatlarini yangilash maqsadida 500 ming AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritiladi. Loyihaga ko‘ra, nasos stansiyasida 231 kVt soat quvvatli quyosh panellari o‘rnatiladi va o‘zini o‘zi elektr energiyasi bilan ta’minlaydi. Shuningdek, ortiqcha ishlab chiqarilgan 300 ming kVt elektr energiyasi hududdagi 1000 ta aholi xonadoniga sotiladi.
Mazkur masala yuzasidan Samarqand viloyati hokimining kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan fikrlari ham e’tiborli.
– Suvdan foydalanishdagi xo‘jasizlik va isrofgarchiliklarga qarshi keskin kurashmoq mavridi keldi. Aks holda, bor imkoniyatimizdan ham kutilgan natijani ola olmaymiz. Suvdan tejab foydalanishda zamonaviy texnologiyalarni tezkorlik bilan qo‘llash choralarini ko‘rish zarur. Toki, har bir dehqon, har bir fuqaro suv endilikda tekin bo‘lmasligini tushunib yetsin ,– degan E.Turdimov.
G‘olib Hasanov, O‘zA muxbiri