Parlament quyi palatasi majlisida “Ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan tartibi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 431-moddasiga o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Mazkur loyiha bo‘yicha Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi direktorining birinchi o‘rinbosari Shavkat Haydarov ma’lumot berdi:
— Ma’lumki, ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan tartibida undiruvni qarzdorning mol-mulkiga (bundan pul mablag‘lari mustasno) qaratmagan hamda qarzdorga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llamagan holda amalga oshiriladi. 2023 yilda 2 million, 2024 yilda 2,4 million, 2025 yilning o‘tgan davrida 1,4 millionta ijro hujjatlari majburlov mexanizmidan foydalanmagan holda ta’minlanishiga erishilgan. Ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan tartibi byuroning tuman va shahar bo‘limlarida ish yuklamasini 30 foizgacha kamaytirish imkonini berdi.
[gallery-24405]
Mazkur qonun loyihasi bilan soddalashtirilgan tartibda ijro etiladigan ijro ishlari toifasi kengaytirilmoqda. Xususan, videokonferensaloqa xarajatlarini, kommunal xizmatlar hamda ko‘p kvartirali uylar mulkdorlarining majburiy badallarini yoki to‘lovlar bo‘yicha qarzdorliklarni, shuningdek, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdordagi ijro hujjatlarini soddalashtirilgan tartibda ijro etish nazarda tutilmoqda. Ya’ni, yuqorida qayd etilgan ishlar bo‘yicha qarzdorliklarni undirish bilan bog‘liq ijro hujjatlari kelib tushganda, undiruv qarzdorning yashash joyiga yoki mol-mulki joylashgan joyga bormasdan, taqiq va cheklovlarni qo‘llamasdan amalga oshiriladi.
Ushbu qonun loyihasi undiruv samaradorligini oshirishga, murakkab bo‘lmagan ijro hujjatlari bo‘yicha qarzdorlarning yashash joyiga borib, ularni ortiqcha bezovta qilish holatlarining oldini olishga, shuningdek, qarzdorga nisbatan taqiq va cheklovlarni qo‘llamagan holda undiruvni amalga oshirishga imkoniyat yaratadi, — dedi Sh.Haydarov.
Qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
Asliddin Alijonov (surat),
O‘zA