Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi tashabbusi bilan Oliy sud Plenumining 2025 yil 23 iyundagi “Iqtisodiy sudlar tomonidan “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni normalarini qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi qarori muhokamasiga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.
Tadbirda iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudyalar, sud boshqaruvchilari va tegishli soha vakillari ishtirok etdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi raisining o‘rinbosari, iqtisodiy sudlov hay’ati raisi B. Ktaybekov so‘zga chiqib, Plenum qarorining amaliy ahamiyatini chuqur tahlil qilib, to‘lovga qobiliyatsizlik jarayonlarini to‘g‘ri va bir xil amaliyot asosida ko‘rib chiqishning ahamiyatiga e’tibor qaratdi.

Ta’kidlanganidek, Oliy sud Plenumining qarori iqtisodiy sudlar amaliyoti uchun muhim huquqiy manba sifatida xizmat qiladi. Unda belgilangan tushuncha va tavsiyalar sud amaliyotida qonuniylikni ta’minlaydi.
—Plenum qaroriga ko‘ra, sudlar endi to‘lovga qobiliyatsizlik yuzaga kelganda korxonaning moliyaviy holatini chuqur tahlil qilish, sud boshqaruvchilarining rolini aniq belgilash, kreditorlarning huquqlarini ta’minlash va tartib-taomillarni qonunga muvofiq holda yuritishga alohida e’tibor qaratadi, — deydi Beruniy tumanlararo iqtisodiy sudining sudyasi Baqbergen Ubaydullayev.

Seminarda ishtirokchilar amaliy vaziyatlar asosida yangi yondashuvlarni muhokama qilib, sud qarorlarining qonuniy, asosli va adolatli bo‘lishida yuqorida keltirilgan Plenum qarori muhim ahamiyatga ega ekanligini alohida ta’kidlashdi.
Tadbir yakunida amaliyotda yakdil yondashuvni shakllantirish, ish yuritishda shaffoflik va xolislikni ta’minlash, shuningdek, to‘lovga qobiliyatsizlik bo‘yicha qonun normalarini to‘g‘ri tahlil qilish yuzasidan bildirilgan fikr-mulohazalar asosida aniq vazifalar belgilab olindi
Dovud Abibullayev, O‘zA