Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
To‘lov xizmatlari bozorida shaffoflik talablari kuchaytirilmoqda
13:38 / 2025-06-10

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida to‘lov xizmatlari bilan bog‘liq hujjat — to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda to‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchi tijorat banklari va to‘lov tashkilotlari tomonidan to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida operatsion, likvidlik, kredit va kiberhujum tavakkalchiliklarning paydo bo‘lish holatlari ko‘p uchramoqda.

Ushbu qonun loyihasi bilan “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.  

Deputat Adham Nazirqulovning qayd etishicha, raqamli to‘lov xizmatlarini taqdim etishda ijtimoiy injiniring va kiberjinoyat bilan bog‘liq tavakkalchiliklar turi ortib borayotgani sababli barcha to‘lov tizimi operatorlari zimmasiga tavakkalchiliklarni boshqarish tizimini joriy etish va Markaziy bank tomonidan belgilangan minimal talablarga muvofiq bo‘lishini ta’minlash yuklatilmoqda. To‘lov tashkilotlari to‘lov faoliyatining ko‘lamiga ko‘ra, ikki toifaga ajratilib, muhim to‘lov tashkiloti tushunchasi kiritilyapti.  

To‘lov terminallari va virtual to‘lov terminallarining huquqiy maqomi aniq belgilab berilmoqda. Firibgarlikka qarshi antifrod tizimlarini joriy etish majburiyati nazarda tutilmoqda. To‘lov xizmatlari bozorida shaffoflik va faoliyatning uzluksizligini ta’minlashga qaratilgan talablar kuchaytirilmoqda.  

Qayd etilganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi to‘lov xizmatlari bozorida xavfsizlikni ta’minlash, moliyaviy firibgarliklarning oldini olish hamda iste’molchilar huquqlarini yanada samarali himoya qilishga xizmat qiladi.  

Muhtarama Komilova, O‘zA