Bugungi kunda iste’molchilarning to‘lov madaniyati, afsuski, talab darajasida emas. Natijada esa qarzdorlikni undirish bilan bog‘liq nizolar, huquqbuzarliklar ko‘paymoqda.
Farg‘ona viloyatida yanvar oyining o‘zida 2 ta holatda suv ta’minoti nazoratchilari bilan kuzatilgan holat ham buni yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda suv ta’minoti xodimini so‘kkanlik bo‘yicha lavha tarqalib, muhokamalarga sabab bo‘ldi. Farg‘ona viloyati IIB ma’lumotlariga ko‘ra, 25 yanvar kuni “Farg‘ona suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati Quvasoy shahar bo‘limi nazoratchisi B.S. ichimlik suvi uchun muddati o‘tib ketgan qarzdorligi bor iste’molchining manziliga borgan. Qarzdor, 1989 yilda tug‘ilgan fuqaro A.G. xodimni haqorat qilib, behayo so‘zlar ishlata boshlagan va jamiyatda o‘zini tutish qoidalarini buzgan.
Mazkur holat yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasiga (mayda bezorilik) asosan ma’muriy hujjatlar rasmiylashtirilgan va qonuniy qaror qabul qilish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Quvasoy shahar sudiga yuborilgan. Sud fuqaro A.G.ga nisbatan yuqoridagi moddaga asosan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlagan.
Buvayda tumanida esa suv ta’minoti xodimiga tan jarohati yetkazmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi. "Farg‘ona suv ta’minoti" mas’uliyati cheklangan jamiyati Buvayda tuman bo‘limi xodimlari “Qoratepa” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi T.K.ning yashash xonadoniga mavjud qarzdorlikni undirish maqsadida borishgan. T.K. va uning ukasi N.K.lar suv ta’minoti xodimlarini haqorat qilishib, tan jarohati yetkazishmoqchi bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan T.K. va N.K.larga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183,185 va 187-moddalariga asosan hujjatlar rasmiylashtirildi. Hozir tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Tabiiy gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvisiz hayotimizni tasavvur qilish qiyin. Ulardan oqilona foydalanish, to‘lovlarni vaqtida amalga oshirish burchimizdir. Afsuski, bu sohada bilib-bilmay, qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yayotgan, to‘lovlarni amalga oshirmasdan yurgan yurtdoshlarimiz hali-hanuz uchrab turibdi.
Kommunal sohada debitor va kreditor qarzdorlik juda yuqori. Bu borada amaliy ishlar qilinayotgan bo‘lsa-da, ba’zi iste’molchilar tabiiy gaz, ichimlik suvi, elektr-energiyadan bo‘lgan qarzlarini to‘lamasdan kelmoqda. To‘lov madaniyati har bir fuqaroda shakllanishi uchun targ‘ibot ishlarini kuchaytirishni davrning o‘zi taqozo etmoqda. Ta’lim maskanlarida, mahallalarda iste’molchilarning burchlari, majburiyatlari tushuntirib borilishi lozim. Zero, to‘lovlarni vaqtida amalga oshirish barchamizning vijdon ishimizdir.
Ma’sudjon Sulaymonov,
O‘zA muxbiri