Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Afg‘oniston muvaqqat hukumatining Moskvadagi elchisi Mavlaviy Gul Hasandan ishonch yorlig‘ini qabul qildi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
Xorijiy davlatlar elchilari ro‘yxatida Gul Hasan Afg‘oniston Islom Amirligi elchisi sifatida qayd etildi.
Marosimda Putin RF Afg‘onistonning urush, terrorizm va narkotrafikdan xoli yagona, mustaqil va tinch davlat bo‘lishidan tom ma’noda manfaatdorligini bildirgan.
Ta’kidlanishicha, tadbirda jami 34 mamlakat diplomatlari ishtirok etgan. Jumladan, Sloveniya, Fransiya, Chexiya, Portugaliya, Norvegiya, Shvetsiya, Shveysariya, Italiya, Avstriya, Slovakiya, Braziliya, Kolumbiya, Peru, Kuba, Urugvay, Isroil, Koreya Respublikasi, Somali, Gabon, Senegal, Shri-Lanka, Maldiv orollari, Ruanda, Mavritaniya, Jazoir, Bangladesh, Misr, Gana, Namibiya, Iroq, Livan, Saudiya Arabistoni, Pokiston va Afg‘oniston elchilari Rossiya yetakchisiga ishonch yorliqlarini topshirgan.
Ma’lumot o‘rnida: Ishonch yorlig‘i – elchining o‘z davlati muxtor vakili sifatidagi vakolatini tasdiqlovchi rasmiy hujjat. Shu orqali yuboruvchi davlat rahbari qabul qiluvchi davlat rahbariga shu diplomat muayyan mamlakatning rasmiy qarashi va yondashuvini ifodalashiga ishonch bildiradi.
Bundan oldin Putin yangi elchilar bilan 2024 yil 5 noyabrda uchrashgan. O‘shanda u 28 nafar diplomatdan ishonch yorliqlarini qabul qilgan. 2025 yil bunday marosim o‘tkazilmagan.
O‘.Alimov, O‘zA