Afg‘oniston kuch ishlatar tuzilmalarining yangi rahbari Turkmaniston – Afg‘oniston chegaralarida xavfsizlikni ta’minlashga va’da berdi, shuningdek, qo‘shma iqtisodiy loyihalar ham muhokama qilindi, deyiladi Turkmaniston tashqi ishlar vaziri Rashid Meredovning Kobulga qilgan safari yakunlari bo‘yicha tarqatilgan xabarda.
"2021 yil 30-31 oktyabr kunlari Turkmaniston vazirlar mahkamasi raisining o‘rinbosari, mamlakat tashqi siyosat mahkamasining rahbari Rashid Meredov boshchiligidagi Turkmaniston delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Afg‘onistonda bo‘ldi", – deyiladi xabarda.
Tashrif davomida Rashid Meredov Afg‘oniston mudofaa vaziri Mulla Muhammad Yoqub bilan xavfsizlik masalalari bo‘yicha uchrashuv o‘tkazgan.
Xabarda ta’kidlanishicha, muzokaralarda Afg‘onistonning milliy xavfsizlik boshqarmasi va chegara xizmatlari rahbarlari hamda ichki ishlar vaziri shuningdek, Turkmanistonning ixtisoslashgan vazirliklari rahbarlari ishtirok etgan.
Turkmaniston tashqi ishlar vazirligining ta’kidlashicha, muzokaralarda Afg‘oniston tomoni ikki davlat chegaralarida xavfsizlik ta’minlanishi va iqtisodiy loyihalar hayotga joriy qilinishi muhim masala ekanini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun: Ashxobod Turkmaniston – Afg‘oniston – Pokiston – Hindiston gaz quvuri hamda Turkmaniston – Afg‘oniston – Pokiston elektr uzatish liniyasini qurish loyihasini ilgari surib kelmoqda.