Toliblar Eron chegarachilari bilan janglar to‘xtagani haqida ma’lum qildi
Afg‘onistonning Nimroz viloyatida Eron bilan tutash chegarada toliblar bilan Eron chegarachilari o‘rtasida qurolli to‘qnashuv yuz berdi, deb xabar berdi toliblarning vakili Bilal Karimiy Tolo News telekanaliga. Uning ma’lum qilishicha, hozir otishmalar to‘xtagan.
Avvalroq Afg‘onistonning Aamaj News agentligi toliblar eronlik chegarachilar bilan qurolli to‘qnashuv uyushtirishgani, natijada Eron bilan tutash chegaradagi "Do‘st Muhammad" nazorat-o‘tish punktini egallab olgani haqida xabar tarqatgan edi. Eronning Tasnim axborot agentligi to‘qnashuvga Afg‘oniston chegarasini buzgan eronlik fermerlar aybdor bo‘lgani haqida ma’lum qildi.
Karimiyning ta’kidlashicha, toliblar bilan eronlik chegarachilar o‘rtasida yuz bergan qurolli to‘qnashuv hozir to‘xtatilgan. Otishmada hech kim jabrlanmagani aytilmoqda.