“Tolibon” harakati Afg‘onistonning to‘qqizta davlatdagi elchixonasida madaniyat bo‘yicha attashelarini ishdan bo‘shatdi.
Bu haqda dushanba kuni Tolo News telekanali ma’lum qilgani aytilmoqda. Xabarda keltirilishicha, diplomatlarni vazifasidan ozod qilish bo‘yicha farmonni toliblar tomonidan tuzilgan vaqtli hukumat raisi Muhammad Xasan Axund imzolagan.
Rossiyadan tashqari, Birlashgan Arab amirliklari, Pokiston, Eron, Turkiya, Tojikiston, Germaniya, Hindiston va AQSHdagi elchixonalarda xizmat qilayotgan matbuot attashelari vazifasidan ozod qilingan. Toliblarning Afg‘oniston diplomatiya missiyalariga yo‘llagan maktubida ushbu qarorga kelishdan maqsad "do‘st va qo‘shni mamlakatlar bilan madaniy aloqalarni kengaytirish” ekani va “tez orada yangi attashelar tayinlanishi” haqida aytiladi.
Tolo News telekanalining aniqlik kiritishicha, Afg‘onistonning qator mamlakatlardagi elchixonasida ishlayotgan madaniyat bo‘yicha attashelar “Tolibon” harakati xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagunga qadar kadrlar masalasida qaror chiqarishga vakolatli emasligini ta’kidlashgan.