Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toleing baland bo‘lsin, mustaqil yurt bolasi
12:24 / 2022-08-31

Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz nishonlanayotgan kunlarda beixtiyor Mustaqillik atalmish bebaho ne’matning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati xususidagi fikrlar xayolingda aylanadi. U bizga o‘zligimizni qaytardi, millatning toptalgan qadr-qimmatini tikladi. Ozod va obod Vatan barpo etmoq uchun imkoniyat berdi. Qalbimizga qo‘r, dilimizga shukuh baxsh etdi. Iqtidorli farzandlarimizga yuksak parvoz uchun qanot berdi. Ko‘ngil to‘qligini va xotirjamlikni berdi. Har qanday sog‘lom fikrlovchi inson bunga har sohada, har qadamda misollarga duch keladi va e’tirof etadi.

“Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida o‘tayotgan bayram kunlarida yuzida tabassum, tilida shukronalik barq urayotgan yurtdoshlarim qatorida his qilaman o‘zimni. Uzoqqa borib o‘tirmay bir ijodkor sifatida nazar solsam mustaqillik yillarida o‘ndan ortiq kitoblarim, qissalarim chop etildi, asarlarim asosida videofilmlar va yigirmadan ortiq teleminiatyuralar tasvirga olinib, namoyish etildi. Inson qadri ulug‘lanayotgan yurtimda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi bo‘ldim, davlatimizning yuksak mukofoti “Shuhrat” medali bilan taqdirlandim.  

Yaqindagina O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Do‘rmon” ijod uyida dam olish bilan birga, uyushma poliklinikasida salomatligimni shifokorlar ko‘rigida o‘tkazib, maslahatlar olib qaytdim va bu jarayonda ham inson qadri azizligini his qilib, ijodkorlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rliklardan mamnun bo‘ldim. 

Ko‘p yillar Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida yoshlarga bilim va ta’lim berdim. Jamoada olib borilayotgan o‘quv, ilmiy-tadqiqot, ma’naviy-ma’rifiy ishlarda faol ishtirok etdim, ilmiy daraja va unvon sohibi bo‘ldim. Respublikamizning turli viloyatlarida bo‘lganimda “Ustoz”, deb qarshimdan chiqadigan shogirdlarimni ko‘rib faxrlanaman. 

Qariyb yarim asrdan buyon pedagogik, ilmiy, ijodiy va tashkilotchilik faoliyatim yoshlar, shogirdlarga bilim berish va tarbiyalash, shu jarayonlarni kuzatish, o‘rganish, yozish-chizish bilan bog‘liq. Ular bilan muloqotlarda ko‘pincha bir gapni takrorlayman. Istiqlolga erishgan yillarimiz mamlakatimiz aholisi yigirma million atrofida edi. Bugun deyarli o‘ttiz olti million. Yer maydonimiz o‘zgardimi? Suv zaxiralarimizchi? Yo‘q. Endi salkam ikki baravar ortgan aholining qornini to‘q, ustini but qilish uchun qishloq xo‘jalik ekinlari hosildorligini va uning sifatini oshirish talab etiladi. Bunga faqat va faqat keng ko‘lamli va chuqur ilmiy tadqiqotlar olib borish, uning natijalarini amaliyotga joriy etish orqali erishiladi. Boshqacha aytganda, buyuk bobokalonimiz Imom Buxoriyning “Dunyoda ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lmag‘ay” degan purma’no hikmatini tobora chuqurroq anglab bormoqdamiz. 

Shu bois ham mamlakatimizda so‘nggi yillarda muhtaram yurtboshimiz  rahnamoligida yoshlarga ilm cho‘qqilarini egallashlari, o‘zlarining aql zakovatlari, ijodiy imkoniyatlari va kuch-quvvatlarini namoyon etishlari va rivojlantirishlari uchun sharoitlarning yangi ufqlari ochildi. Ana shu imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan minglab yoshlarga bugun ko‘pchilikning havasi keladi.  

Prezident va ijod maktablari, ixtisoslashgan maktablarda tahsil olayotgan yoshlar turli tanlovlarda erishgan yutuqlari bilan ustozlari va ota-onalarini xushnud etyaptilar, ertangi kunga ishonch bilan qadam qo‘ymoqda.  

Oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlar ham ana shu imkoniyatlardan foydalanib o‘qishda, ilmiy-tadqiqot ishlarida salmoqli yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda. Chunki, davr fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini  yanada rivojlantirish, innovatsiyalarni jadallashtirish, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida innovatsion ishlanmalar va texnologiyalarni keng tatbiq qilish, inson kapitalini, ilm-fanni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratishni taqozo qilmoqda. 

Sportni rivojlantirishga ko‘rsatilayotgan e’tibor, yaratib berilayotgan keng imkoniyatlardan unumli foydalangan ko‘plab sportchi yigit-qizlar nufuzli musobaqalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritib davlatimiz bayrog‘ini yuqori ko‘tarilishiga erishmoqda. Ular orasidan yetishib chiqayotgan olimpiada va jahon chempionlari mamlakatimiz dovrug‘i va shuhratini dunyo bo‘ylab keng yoymoqda. Yoshlarning intellektual salohiyatini namoyon etishda ham salmoqli natijalarga erishilmoqda. Turli fan sohalari bo‘yicha o‘tkazilayotgan xalqaro olimpiadalarda ham o‘smirlar va yoshlar muvaffaqiyatlarni qo‘lga kirityaptilar, o‘zbek yoshlari o‘z bilimlari bilan hech kimdan kam emasliklarini dunyoga ko‘rsatmoqda.  

Istiqlol yillarida amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar natijasida yoshlar ongida, dunyoqarashida, ularning mamlakatimizda va jahonda yuz berayotgan voqea va hodisalarga munosabatlarida tub o‘zgarishlar yuz berdi. Ularning yurish-turishi va madaniyatida, intiluvchanligi va faolligida o‘z aksini topayotgan bu o‘zgarishlar mustaqil yurt vorislarining ertangi kuniga yorqin umid va ishonch bilan boqishiga asos bo‘ladi.  

Shuning uchun ta’lim-tarbiya jarayonidagi barcha ishlar yoshlarni puxta bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lish bilan birga yuksak ma’naviyat sohiblari etib tarbiyalashga yo‘naltirilgan. Chunki, ma’naviyat insonga avvalo o‘zligini, o‘zining qadr-qimmatini anglashni o‘rgatadi. U insonning ko‘nglini ham, yo‘lini ham yoritishga qodir. Inson ma’naviyati o‘tda kuymaydigan, suvda oqmaydigan bebaho boylikdir. Yoshlarimizni ana shu bebaho boylik sohibi bo‘lganlaridagina qadamlari qutlug‘ va ishonchli bo‘ladi.  

Vazifamiz yoshlar qalbida milliy g‘urur va iftixor tuyg‘usini rivojlantirish, millati va xalqi uchun ulkan bunyodkorlik ishlariga safarbarlikni uyg‘ota olishdir. Ana shundagina ular ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot barpo etish yo‘lida birlashadilar. Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek, yoshlar birlashsa millat birlashadi. Ma’naviy barkamol avlodlarning birligi va hamjihatligi esa istiqlol to‘yini nishonlayotgan davlatning, hech kimdan kam bo‘lmagan xalqning, g‘ururi tog‘lardan baland millatning ertangi kuni va porloq kelajagini kafolatlaydi.

Yoshlarimizda milliy qadriyatlarimiz hamda buyuk ajdodlarimiz, ulug‘ allomalarimiz, fan, adabiyot va san’at namoyandalari tomonidan yaratilgan xazinadan to‘g‘ri foydalanish, uning bebaholigini anglash va his qilish ko‘nikmalarini shakllantirish va rivojlantirish lozim. Chunki shu yo‘l bilangina mustaqil Vatanimiz ertangi kuni vorislarida milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini kamol toptirishga, ularni ma’naviy barkamollik sari yetaklashga, intilish va izlanishlar uchun qanot baxsh etishga erishamiz.  

O‘zbek bolajon xalq. Onalarimiz farzandining beshigi ustida allalari bilan uning shuuriga ezgulik tuyg‘ularini singdirishga intilar ekan mittigina bolakayning pahlavon bo‘lishini, yurtini himoya qilishini, bunyodkor inson bo‘lib yetishishini tilaydi, yomon ko‘zlar va yomon so‘zlardan asrashga intiladi. Unga naslining davomchisi deb qaraydi. Tetapoya qadam tashlaganida, bog‘cha yoki maktabga borganida yana ko‘nglida ezgu umidlar uyg‘onadi. Sog‘lom va barkamol o‘sayotgan bolasini  ko‘rib ko‘ngli tog‘dek ko‘tariladi. Elning koriga yaraydigan inson bo‘lishini  orzu qiladi.   

Bugun yurtimizda bolalarga, yoshlarga yaratilayotgan sharoitlarni dunyoning ayrim burchaklaridagi tengdoshlari faqat  orzu  qilishlari mumkin. Ko‘cha-ko‘yda yoki jamoat transportida sport sumkasini yelkalab olgan yoki dutor, tanbur yoki boshqa bir musiqa asbobini ko‘tarib ketayotgan bolakaylarga ko‘zimiz tushadi. Ana shu murg‘ak dillarda sportga yoki san’atga ishtiyoq kurtak otganidan, ertangi kunga va o‘zining kelajagiga ishonch uyg‘onganidan darak berayotgan quvnoq yuz-ko‘ziga boqib dilingizdan beixtiyor “toleing baland bo‘lsin, mustaqil yurt bolasi” degan ezgu o‘y o‘tadi. 

 

Habib SIDDIQ, 
qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, dotsent, 
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, 
“Shuhrat” medali sohibi 

O‘zA