Kadastr organlari yer uchastkasi va ko‘chmas mulk, ularning mulkdorlari (egalari) to‘g‘risidagi axborotni soliq organlariga real vaqt rejimida elektron shaklda taqdim etadi. Ushbu ma’lumotlar asosida jismoniy shaxslarga yer va mulk soliqlari hisoblanadi.
Agar jismoniy shaxslar yer va mol-mulk solig‘ini muddatida to‘lamagan taqdirda, soliq qarzi umumiy summasi bir million so‘mdan oshsa soliq qarzi sud orqali qarzdorga tegishli mol-mulk hisobidan undiriladi.
AOKAda Soliq qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Dildora Hoshimova ishtirokida jismoniy shaxslar uchun mol-mulk va yer solig‘ini to‘lash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan o‘tkazilgan brifingda qayd etilishicha, joriy yilning 14 oktyabr holatiga 4,2 mln. nafar jismoniy shaxs tomonidan 6 mln. ob’ektning 4,6 trln. so‘m yer va mol-mulk soliqlari to‘landi. To‘lanmasdan qolayotgan soliq summasi 3,5 trln. so‘mni tashkil etmoqda. Shundan, 712 mingta ob’ektda qarzdorlik summasi 1 mln. so‘mdan yuqori.
Jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer soliqlarini to‘lashning oxirgi muddati 15 oktyabr ekanligini inobatga olgan holda soliq majburiyatini o‘z vaqtida bajarishni unutmang.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA