Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
To‘lanmagan kredit uchun mol-mulk tijorat banki balansiga o‘tkazildi
12:16 / 2024-11-06

Surxondaryo viloyatida tijorat banklaridan olingan kredit mablag‘larini o‘z vaqtida qaytara olmayotgan tadbirkorlarning mol-mulklari xatlovga olinib, tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Bu jarayonda garovga qo‘yilgan mol-mulkidan ajralishni istamagan ishbilarmonlar kredit qarzdorligini zudlik bilan so‘ndirib, xatlovga olingan mulklarini taqiqdan chiqarmoqda. Ayrim tadbirkorlarning bu ishga e’tiborsizlik bilan yondashuvi oqibatida mol-mulki ochiq auksion savdolarida sotilib, undan tushgan mablag‘ tijorat bankidan olingan kredit mablag‘larini so‘ndirishga yo‘naltirilayotir.  

Termiz shahridagi “Farovon Baraka Termiz” mas’uliyati cheklangan jamiyati ham olingan kreditni o‘z vaqtida qaytarmagani uchun garovga qo‘yilgan mulklaridan ajralib qoldi.  

Majburiy ijro byurosi Termiz shahar bo‘limi ish yurituvidagi ijro hujjatiga ko‘ra, mas’uliyati cheklangan jamiyatidan tijorat banki foydasiga 727 million 584 ming so‘m undirish belgilangan. Davlat ijrochilari undiruvni garov mulki hisoblangan ishlab chiqarish va xo‘jalik binolariga qaratgan. Ijro harakatlari jarayonida garov mulklari xatlovga olinib, mutaxassis xulosasiga asosan 1 milliard 125 million so‘m boshlang‘ich narx bilan onlayn-auksion savdosiga chiqarildi.  

Auksion savdolarida mulk o‘z xaridorini topmagani uchun u tijorat banki balansiga topshirilib, kredit qarzdorligi to‘liq so‘ndirildi. Ortiqcha pul mablag‘i tadbirkorlik sub’ektiga qaytarilib, mas’uliyati cheklangan jamiyatning o‘z vaqtida to‘lab berilmagan 198 million so‘m soliq qarzdorligi undirib olindi va davlat byudjetiga yo‘naltirildi.  

Xolmo‘min Mamatrayimov,  

O‘zA muxbiri