Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tolaning sifati paxta naviga bog‘liq
18:12 / 2023-03-14

Bahor mavsumi boshlandi. Quyosh taftidan nafas olayotgan tuproq dehqonning, fermerning mehriga, ishloviga ko‘z tikkan mahal. Bir tomonda zamonaviy agrotexnikalar bir-biridan o‘zayotgan bo‘lsa, yerga urug‘ qadashni diliga tukkan dehqon va fermerlar g‘imirlagan. Ha, bahor ana shunday uyg‘onishi bilan zavqli, mehnatda shahdam bo‘lganlar fasli.

Surxondaryolik dehqonlar esa har kunning hisobini olib dalaga chigit qadamoqda. Viloyatning issiq iqlimi, unumdor tuprog‘i ingichka tolali g‘o‘za yetishtirish uchun juda qulay. Nega aynan ingichka tolali paxta? Chunki, bu navli paxta issiqqa, suvsizlik, garmsel va zararkunanda hasharotlarga chidamli. Shu bilan birga, uzun tolaligi, pishiq-puxtaligi hamda to‘qimachilik sanoatida nafis sifati bilan ajralib turadi.

Ingichka tolali paxta yetishtirish samaradorligi boshqa navlarga nisbatan 60 foiz yuqoridir.

Eksportbopligi, yuqori narxga baholanishi va jahon bozorida talabgorligi, to‘qimachilikda esa pishiq ip-kalava, sifatli mato tayyorlashdagi ahamiyati sabab ingichka tolali paxta yetishtirishga ehtiyoj ortmoqda.  

Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining Ingichka tolali paxtachilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan Surxondaryo viloyati iqlimiga mos ingichka tolali paxtaning bir nechta yangi navlari yaratilgan.  

Xo‘sh, bu navlar qanday samara beradi? Ingichka tolali paxta yetishtirishning ahamiyati va afzalliklari nimada?

Biz shu kabi savollarga javob olish va umuman paxtachilik sohasidagi yangiliklar xususida institut xodimlarining  fikrlari bilan tanishdik.

Najim Ochildiyev,  

Ingichka tolali paxtachilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori:

–  Institutimiz Prezidentimiz tashabbusi bilan 2022 yilda tashkil etilgan. Bundan asosiy maqsad ingichka tolali g‘o‘zaning yangi navlarini yaratish va birlamchi urug‘ini ko‘paytirishdan iborat. Bunda biz, avvalo, Surxondaryoning iqlim sharoitini inobatga olgan holda hamda fermer va klasterlar talabidan kelib chiqib, yangi navlarni yaratish ustida ish olib boramiz. Shuningdek, institutda paxta yetishtiruvchilarning sohaga oid bilim va ko‘nikmalari oshiriladi. Buning uchun ilmiy xodimlarimiz va olimlarimiz jalb etilgan bo‘lib, klasterlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Viloyatning 8 ta tumanida jami 18 ming gektar maydonda ingichka tolali paxtaning yangi navlarini ekish va yetishtirish rejalashtirilgan. Institutimiz olimlari xorijiy ilmiy-tadqiqotchilar bilan hamkorlik aloqalarini ham yo‘lga qo‘ymoqda. Jumladan, misrlik tadqiqotchilar bilan birgalikda yurtimiz  iqlimiga mos, suv tanqisligi va garmsel sharoitiga bardoshli navlarni yaratish, hosildor va pishiq tolali g‘o‘zalarni sinovdan o‘tkazish hamda eng yaxshi ishlanmalarni fermer dalalariga yetkazib berish borasida ishlar boshlangan.  

Mardonqul Tojiyev,

Ingichka tolali paxtachilik ilmiy-tadqiqot instituti maslahatchisi, qishloq xoʻjaligi fanlari nomzodi, dotsent:

– Ingichka tolali paxta juda qimmat turadi. Misol uchun 1 tonna oddiy paxta narxi 10 million so‘m bo‘lsa, ingichka tolali paxta narxi 15 million so‘m. Ingichka tolali paxta issiqsevar o‘simlik hisoblanadi. Atrof-muhit havosi, irsiy kasallik va hasharotlarga chidamli.  

Hozirda institutimizda bir necha yangi navlar yaratilgan. Jumladan, yangi yaratilgan SP 1607 navli paxta viloyatda 6800 gektar maydonga ekilyapti. Bundan tashqari, Termiz 2 navi 4600 gektarga, Surxon 14 navi 3500 gektarga ekilyapti. Yangi Termiz 28, ST 1651 navlarini ham katta yer maydonlarida yetishtirish mo‘ljallanyapti. Joriy yilda yaratilgan paxtaning yangi navlarini 18 ming gektar maydonda yetishtirish rejalashtirilgan.

Abdimurod Donoboyev, 

Ingichka tolali paxtachilik ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri:

– Yurtimizda ingichka tolali paxtani yetishtirish uchun qulay sharoit bor. Xususan, Surxondaryo, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlari iqlimi ingichka tolali paxtaning yangi, nafis sifatlisini yetishtirish uchun juda qulay. Bugun institutimizda yurtimizdagi to‘qimachilik korxonalarini sifatli tola bilan ta’minlash borasida ilmiy izlanishlar olib borilmoqda va yangi g‘o‘za navlari yaratilmoqda. Ayni paytda institutimiz jamoasi tomonidan paxtaning 10 ta yangi navi yaratilgan. Ulardan 5 tasini joylarda ekish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Rejalar ulkan, g‘o‘zaning hosildor, sifati juda yuqori va tashqi ta’sirga chidamli navlarini 18 ming gektar yerga ekish uchun bosh urug‘larini shu yerda tayyorlab, fermer va klasterlarimizga yetkazib beryapmiz. Misol uchun Angor tumanida to‘liq, ya’ni 5 ming gektar yerga ingichka tolali paxta ekishni rejalashtiryapmiz. Shuningdek, Sherobod tumanidagi sho‘r yerlarda ham ingichka tolali paxta yetishtirmoqchimiz. Suv tanqisligi keskinlashgan hududlarda ham shunga mos g‘o‘za navlari ekiladi.  

Jahon bozorida ingichka tolali paxta yetishtiruvchi ilg‘or mamlakatlar, jumladan, Misr paxtasining sifati yuqori baholanadi. Sababi ushbu paxta navining tolasi juda pishiq. U nafaqat to‘qimachilikda, balki avtomobilsozlik va aviasozlikda ham talab yuqori bo‘lgan mahsulot hisoblanadi.  Kimyo sanoati va innovatsion texnologiyalar ishlab chiqarishida ham yurtimizda yetishtiriladigan pishiq va uzun tolali paxtaga bo‘lgan talab ortmoqda. Prezidentimizning Misrga tashrifini kuzatib borish jarayonida ham ko‘rdikki, misrlik hamkasblarimiz paxta yetishtirishda ulkan yutuqlarga erishgan. Biz ularning eng yaxshi tajriba va innovatsion yechimlarini o‘rganish orqali iqlimimizga mos yangidan yangi navlarni yaratishimiz mumkin. Bizning o‘zgaruvchan, haroratli iqlimimizda hosildorligi yuqori va sifati o‘zgarmaydigan navlarni yaratganmiz. Ayni paytda 10 ming gektar maydonga elita va super elita chigitlar ekiladi.  

Ta’kidlash kerakki, ushbu yuqori sifatli paxta navidan olinadigan nafis tolaga nafaqat MDHga a’zo davlatlar, balki Xitoy va Yaponiyaning to‘qimachilik korxonalari yuqori baho beryapti va biz bilan hamkorlikka tayyor. Bundan tashqari, Hindiston va pokistonlik seleksioner olimlar ingichka tolali paxtaning yangi navlarini yaratishda hamkorlik taklif etmoqda.  

M.Komilova, O‘zA