Buxoro tumanidagi barcha fermer xo‘jaliklarida dala chetlarida “Voish usuli”da uzum yetishtirish tajribasi o‘zlashtirilmoqda. Ayni kunda tuman mutasaddilari, tegishli idora va tashkilotlar mas’ullaridan iborat ishchi guruhlari hududdagi fermer xo‘jaliklarida va aholi tomorqalarida amalga oshirilayotgan dala ishlarini tashkillashtirmoqda.
Jumladan, “O‘ktam Ibrohim to‘qli” fermer xo‘jaligi dalasida bo‘lgan mutasaddilar g‘alla parvarishi bilan birga yerga chigit ekish va uning dastlabki qarovi, ekin yerlarini oziqlantirish hamda eksportbop poliz va sabzavot mahsulotlarini ekib yetishtirish borasida qilinayotgan ishlarni ko‘zdan kechirish barobarida ilg‘or xo‘jalikda aynan voish usulida uzumchilikni rivojlantirish choralarini ko‘rmoqda.

“Rabotak” mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyat boshlaganiga 17-yil to‘lgan “O‘ktam Ibrohim To‘qli” fermer xo‘jaligi urug‘chilikka ixtisoslashgan. Hozir 85 gektar maydonda dehqonchilik qilib kelinadi. O‘tgan yillar davomida fermer xo‘jaligi 40 gektar yerda paxta, 28 gektarda g‘alla yetishtirmoqda. Bundan tashqari, fermer tasarrufidagi 10 gektarga chorva ozuqasi ekiladi. Tajribali dehqon 5 gektar yerni sabzavot-poliz mahsulotlari ekib yetishtirish uchun ajratib, jamoasi moddiy manfaatdorligini ham muttasil oshirib kelmoqda. Qolaversa, ilg‘or fermer Ibrohim To‘qliyev xo‘jaligida chorvachilikka e’tibor qaratilib, 50 boshdan ziyod qoramol boqilayotgan bo‘lsa, yana 40 tadan oshiq asalari oilasi parvarishlanmoqda.
Shu bilan birga, keng tarmoqli xo‘jalikka aylantirilayotgan “O‘ktam Ibrohim To‘qli” fermer xo‘jaligida 2 gektarda bog‘ barpo qilingan. Unda birgina uzumning husayni, qora kishmish, toyfi, behishti va yana boshqa serhosil navlari parvarishlanmoqda. Ekin yerining har qarichidan unumli foydalanishda muayyan yutuqlarga erishilib, o‘ziga xos tajriba maktabi shakllangan xo‘jalikda endilikda “Voish usuli”dagi uzumchilikni rivojlantirishga e’tibor oshirilmoqda. Tok nihollarini ko‘paytirish, agrotexnik tartib-qoida asosida bog‘ni kengaytirish tadbiri ko‘rilmoqda.

Hozir Buxoro tumanida faoliyat yuritayotgan 400 dan ortiq fermer xo‘jaligida dala chetlari, yer maydoni atroflari, ariqlar bo‘yini obod qilib, sabzavot-poliz mahsulotlari, mevali va manzarali daraxt nihollarini o‘tqazish bilan birga, albatta, tok ko‘chatlarini ekib ko‘paytirish talabi qo‘yilgan. Hozir bu tumanda 3 ming 155 gektar bog‘-tokzor parvarishlanayotgan bo‘lsa, shundan 2 ming 47 gektarini mevali bog‘, 1 ming 108 gektarini esa tokzor tashkil etmoqda. Borayotgan sa’y-harakatga ko‘ra, uzumzor bog‘ sathi kengaytirilmoqda.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-iyuldagi “Uzumchilikni rivojlantirishda klaster tizimini joriy etish, sohaga ilg‘or texnologiyalarni jalb qilishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan keyingi uch yilda Buxoro viloyatida 4 ta tuman, jumladan, Qorako‘l, Peshku, Shofirkon va G‘ijduvon tumanlari uzumchilikka ixtisoslashtirilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri