Viloyat hokimligi tashabbusi bilan Namangan shahridagi “Afsonalar vodiysi” tematik parkida “Yoshlar oyligi” doirasida hamda “30 iyun – Yoshlar kuni” arafasida yoshlar sport festivali o‘tkazildi.
Minglab yosh o‘g‘il-qizlar ishtirok etgan tantanali tadbirda “Tokio-2020” XXXI yozgi Olimpiya Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan, shuningdek, jahon va Osiyo chempionatlarida g‘olib bo‘lgan sportchilar munosib taqdirlandi.
Namangan viloyati hokimi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov, Respublika Turizm va sport vaziri o‘rinbosari Avazbek Karimov o‘z tabrik so‘zlarida Prezidentimiz tomonidan so‘nggi to‘rt yil ichida mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi nufuzini oshirish borasida olib borilgan izchil islohotlari natijasida jonajon O‘zbekistonimizning xalqaro maydondagi nufuzi ancha ortayotganligini e’tirof etdi.
Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining O‘zbekiston sportchilarini “Tokio-2020” yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish va unda munosib ishtirok etishga qaratilgan qarori asosida Namangan viloyatida ham qator izchil chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Ayniqsa, mamlakatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan Besh muhim tashabbusning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida o‘sib kelayotgan yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga jalb etish, ommaviyligini oshirish borasida belgilab berilgan muhim vazifalar ijrosi ta’minlanayotganligi bu borada muhim omil bo‘lmoqda.
Sport maktablari va umumta’lim maktablarida yoshlarning qiziqishlaridan kelib chiqqan holda, sport seksiyalari tashkil etildi. Sport va ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilgan chora tadbirlar amalga oshirildi. Barcha sport inshootlari zarur inventarlar bilan bosqichma bosqich ta’minlab kelinmoqda.
O‘z oldiga Olimp cho‘qqisini zabt etishni qat’iy maqsad etgan sportchilarga har tomonlama shart-sharoitlar yaratildi. Buning natijasida har to‘rt yillikning nufuzli musobaqasining yo‘llanmasi uchun reyting ochkolarini beruvchi qator xalqaro turnirlarda sezilarli yutuqlarga erishildi.
Quvonarlisi, viloyatda ayni vaqtga qadar yunon rum kurash turi bo‘yicha Rustam Assakalov, baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha Dilnoza Raxmatova va Nilufar Zokirova, boks bo‘yicha Shahnoza Yunusova, og‘ir atletika bo‘yicha Adhamjon Ergashev, o‘q otish bo‘yicha Muxtasar Tohirova hamda yengil atletikachi Nozimaxon Qayumovalar tomonidan yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga jami 9 ta yo‘llanma qo‘lga kiritildi.
E’tiborlisi shundaki, mazkur ko‘rsatkich Namangan sporti tarixidagi eng yaxshi natija hisoblanadi.
Darvoqe, viloyat sportchilarining nufuzli musobaqaga yo‘llanmalari soni yana oshishi kutilmoqda. Suzish sport turi bo‘yicha Kiril Pankov, dzyudo bo‘yicha Obidxon No‘’monov, paradzyudo bo‘yicha Feruz Saidov va Dovurxon Karamatov, para yengil atletika bo‘yicha Nurxon Qurbonova Yaponiya mezbonlik qiladigan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi musobaqalarda munosib ishtirok etib, xalqaro Olimpiya qo‘mitasining yakuniy xulosasini kutmoqdalar.
Tantanali tadbirda bokschi Shahnoza Yunusova va mergan Muxtasar Tohirovaga Prezident sovrini – “Neksiya-3” avtomobilining kalitlari topshirildi.
Bundan tashqari, so‘nggi ikki yil davomida Jahon chempionati, Osiyo chempionati, Gran-pri, xalqaro turnirlarda yuqori shohsupaga ko‘tirilib, chempionlik unvoniga sazovor bo‘lgan qator sportchi yoshlarga 30, 20, 10, 5 million so‘m miqdoridagi pul mukofotlari taqdim etildi. Ular safida og'ir atletikachilardan Jahon va Osiyo chempioni Adhamjon Ergashev, Osiyo chempionati kumush medali sovrindori Muhammadqodir Toshtemirov, erkin kurash bo‘yicha Osiyo chempionati kumush medali sohibi Madina Usmonjonova, boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasida jahon chempionati bronza medali sovrindori, Namangan Olimpiya zaxiralari kolleji talabasi A’loxon Abdullayev, boks bo‘yicha Osiyo chempionati kumush medali sohibasi Gulasal Sultonaliyeva kabi muzaffar sportchilar borligini qayd etish joiz.
- Ochig‘i Olimpiya o‘yinlari oldidan avtomashina sovg‘a qilinishini kutmagandim. Odatda, sovrin musobaqadan natija bilan qaytilganidan keyin berilardi, - deydi “Tokio-2020” yo‘llanmasi sohibi, Osiyo chempionati sovrindori, Namangan Davlat universiteti talabasi Shahnoza Yunusova. - Prezidentimiz tomonidan ta’sis etilgan ushbu qimmatbaho sovrin biz uchun nufuzli musobaqa arafasida katta motivatsiya berdi. Zimmamizdagi maqsadga erishish g‘oyatda muhim ekanligini yana bir karra his etdim. Nasib qilsa, Tokio maydonlaridan yurtimizga Olimpiya o‘yinlari medali bilan qaytaman. Buning uchun barcha sharoitlar yetarli. Millionlab xalqimiz bizga umid va ishonch bilan ko‘z tikib turibdi. Bildirilgan yuksak ishonchni oqlash uchun astoydil harakat qilamiz.
Bayram festivalida, hududlarda jismoniy tarbiya va sportning ommaviyligini ta’minlash borasidagi hissasi uchun Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov “Sport a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Ma’lumot o‘rnida, 2021 yilning o‘tgan besh oyi mobaynida namnaganlik sportchilar tomonidan Respublika va xalqaro miqyosidagi musobaqalarda 465 ta oltin, 496 ta kumush, 386 ta bronza, jami 1 ming 347 ta medal qo‘lga kiritildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA