Bugun global texnologik raqobat, iqlim va mehnat bozorlarining o‘zgarishi, geosiyosiy noaniqliklar sharoitida yuqori malaka va tayyorgarlikka ega tezkor fikrlaydigan yosh mutaxassislar zaruriyati yuzaga kelmoqda.
E’tirof etish kerak, so‘ngi yillarda mamlakatimizda ta’lim sohasida katta o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. O‘lkada magistraturada tahsil olayotgan talabalar soni oxirgi yetti yilda yetti barobar, ayollar orasida esa 11 barobar oshdi.

1991 yildan 2016 yilgacha bo‘lgan 25 yil davomida byudjet hisobidan xorijda atigi 800 nafar talaba o‘qigan bo‘lsa, 2018–2025 yillarda bu ko‘rsatkich qariyb uch barobar yuqorilab, 2 ming 300 nafardan oshdi. “El-yurt umidi” jamg‘armasi esa bu borada ko‘makchi bo‘ldi, deyish mumkin. Jamg‘armaning dasturlari esa yildan yilga kengaymoqda.
Diyorimizda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasida o‘zbekistonlik yoshlarning “TOP-500” talik oliygohlarga kirish bo‘yicha Markaziy Osiyoda 1-o‘rinni egalladi. Bularning barchasi stipendiyalar, grantlar va xalqaro stajirovkalarni o‘z ichiga olgan iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimi yaratilgani tufayli ro‘yobga chiqmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2025 yil 5 maydagi farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha «El-yurt umidi» jamg‘armasining qayta tashkil etilishi ushbu yangi yo‘nalishning ramziga aylandi.
– Qayta tashkil etish kadrlar tayyorlash ko‘lamini kengaytirishga qaratilgan, - deydi jamg‘armaning ijrochi direktori Gulnoza Ismoilova. – Bu orqali esa inson kapitaliga investitsiya kiritish platformasi sifatida kadrlar tayyorlash bo‘yicha yagona klaster shakllantirildi. Bugungi kunda “El-yurt umidi” jamg‘armasining asosiy vazifasi — dunyoning nufuzli ta’lim va ilmiy markazlarida ta’lim olgan yangi avlod yetakchilari, mutaxassislarni shakllantirishdan iborat. Ular mamlakatimizga qaytib, ilg‘or bilimlarni joriy etish, davlat institutlarini mustahkamlash, sog‘liqni saqlash, ta’lim, iqtisodiyot, raqamlashtirish, madaniyat va boshqa muhim sohalarni yangi bosqichga ko‘tarish, Yangi O‘zbekistonni yanada taraqqiy ettirishga munosib hissa qo‘shadi.

Quvonarlisi, hozirgi kunga kelib o‘zbekistonlik yoshlar Oksford va Garvarddan tortib, Tokio va Berlingacha bo‘lgan dunyoning nufuzli universitetlarida ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ular STEM, energetika, transport, urbanizatsiya, huquq, davlat boshqaruvi, tibbiyot, agrotexnologiyalar kabi o‘nlab dolzarb yo‘nalishlarda bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqda.
2025 yilda “El-yurt umidi” stipendiyasi uchun tanlov mutlaqo yangi talablar asosida o‘tkazildi: 173 nafar yoshlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “El-yurt umidi” stipendiyasi sovrindori deb e’tirof etildi.

Asosiy e’tibor barcha jarayonlarning ochiqligi va shaffofligiga qaratildi. Bu halol va adolatli tanlovning kafolati bo‘ldi. Xususan, qisqa muddatda my.gov.uz milliy tizimiga integratsiya qilingan maxsus onlayn ariza qabul qilish platformasi ishga tushirildi. Ushbu platforma byurokratik tartib-taomillarni sezilarli darajada qisqartirish, shuningdek, inson omili ta’sirini bartaraf etish imkonini berdi, bu esa korrupsiya xavfining oldini olish bo‘yicha samarali chora bo‘ldi.
G‘oliblarning qariyb 70 foizi jahonning Top–100 ro‘yxatidagi universitetlarga kirgan yoshlardir. Bu stipendiatlarning sifat jihatidan yangi tarkibi. Qat’iyat bilan mehnat qilib, dunyoning eng yaxshi universitetlari — Kembrij, Pensilvaniya, Seul milliy universiteti, Nyu-York, London, Gonkong, Dyuk universitetlari kabi nufuzli oliy o‘quv yurtlariga kirishga muvaffaq bo‘lganlar qo‘llab-quvvatlandi. Ya’ni, nomzodlarni saralashda miqdorga emas, yangi avlod mutaxassislarini tayyorlash sifatiga e’tibor qaratilmoqda. Bu O‘zbekiston yoshlarining dunyoning eng iqtidorli fikr egalari bilan teng raqobatlashishi va mamlakat rivojiga hissa qo‘shishi uchun yana bir qadamdir.

Jamg‘arma xorijiy hamkorlar safini faol kengaytirmoqda. Qisqa vaqt ichida yetakchi universitetlar, ilmiy-tadqiqot markazlari, xalqaro ta’lim va boshqa tashkilotlar vakillari bilan aloqalar o‘rnatildi. Xususan, Buyuk Britaniyaning Davlat xizmati kolleji, BMTning Davlat xizmati bo‘yicha xalqaro komissiyasi (UN ICSC), Stirling jamg‘armasi, AQSH Xalqaro ta’lim instituti, Atlantika kengashi, Osiyodagi Prinston jamg‘armasi, AQSH Davlat departamentining Ta’lim va madaniy ishlar byurosi kabi tashkilotlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Joriy yilda Jamg‘arma an’anaviy akademik almashinuvlar doirasidan tashqariga chiqib, amaliy xalqaro hamkorlikni sezilarli darajada kuchaytirdi.

Asosiy tashabbuslar qatoriga “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari uchun dunyoning yetakchi universitetlarida o‘qish to‘lovlaridan 20 foizdan 50 foizgacha chegirmalar, shuningdek, AQSH, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya va Yevropa universitetlari bilan hamkorlikni kengaytirish kiradi. Xususan, jamg‘arma Stenford universiteti Ipak yo‘li innovatsion markazi, Janubiy Kaliforniya universitetining Sol Prayz davlat siyosati maktabi, Kolumbiya universiteti Barqaror rivojlanish markazi, Garvard universitetining Devis markazi, Uorvik universiteti, Vanderbilt universiteti, Sirakuza universitetining Fuqarolik va jamoat ishlari bo‘yicha Maksvell maktabi, Jorj Vashington universiteti, Sukuba universiteti kabi nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirmoqda.
G.Ismoiloning so‘zlariga ko‘ra, e’tibor individual ta’lim yo‘nalishlaridan qo‘shma dasturlar, amaliyotlar, ilmiy-tadqiqot loyihalari va bilimlarni uzatishga qaratilmoqda. Muhim yo‘nalishlardan biri o‘zbek tili va madaniyatini xorijda targ‘ib qilishdir. Bu boradagi faoliyatning amaliy natijasi sifatida joriy yil oktyabr oyida Oksford universitetida o‘zbekshunoslik dasturi yo‘lga qo‘yildi. Uch yil davomida o‘zbekistonlik professor va tadqiqotchilar Oksfordda faoliyat yuritib, o‘zbek tili, adabiyoti, tarixi va zamonaviy jamiyatini o‘rganishni targ‘ib etadi.
Har yili Oksfordning 20 nafar talabasi O‘zbekistonga kelib, madaniyatimizga chuqur kirib boradi, til, urf-odatlar, tarixni o‘rganadi va bugungi kunda amalga oshirilayotgan islohotlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘radi.
Loyihaning eng muhim qismi — «Uzacademy» raqamli platformasini Oksford ta’lim tizimiga integratsiya qilishdir. Bu masofaviy kurslar, qo‘shma loyihalar, ilmiy almashinuvlarga yo‘l ochadi — Toshkent va Oksfordni kilometrlar emas, balki g‘oyalar bog‘laydigan yagona ilmiy makonni yaratadi.
Bundan tashqari “El-yurt umidi” jamg‘armasi qo‘llab-quvvatlovi bilan Toshkent davlat transport universiteti, Fransiyaning milliy fuqaro aviatsiyasi maktabi va «Airbus» aerokosmik kompaniyasi o‘rtasidagi hamkorlik bitimi imzolanib, maxsus amaliyot dastur yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birga, “El-yurt umidi” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan har yili besh nafar talabaning o‘qishini moliyalashtirish rejalashtirilgan bo‘lib, asosiy e’tibor aviatsiya sohasiga kadrlar tayyorlashga qaratiladi.
E’tiborlisi, chet ellarda ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik yoshlar o‘z vatanlari nafaqat boy tarixga ega mamlakat, balki innovatsiyalarga tayyor dinamik jamiyat ekanligini butun dunyoga ko‘rsatmoqda.
Ana shunday iqtidor egalaridan biri Sabina Nabiyevadir. U San-Fransiskoda o‘tkazilgan dunyodagi eng yirik xakatonda ishtirok etgan birinchi o‘zbek qizi bo‘ldi. Keyinchalik u “Grace Hopper Celebration” dasturi doirasida Anita Borg grantini qo‘lga kiritdi va “Google Women Techmakers” elchisi etib tayinlandi. Yaqinda u “WISP MAD20 Scholarship”, “SANS Security Training Scholarship” stipendiyalarini qo‘lga kiritgani, shuningdek, “WiCyS Professional Mentorship” dasturi va “Cyber Pathway Mentorship” dasturiga tanlangani haqida yana bir nechta “qutlov xatlari” oldi. Joriy yilda Yoshlar kuni munosabati bilan Sabina Nabiyeva “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlandi.
“El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiati, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi bolalar kardioxirurgi Bobur Turayev esa noyob operatsiyani muvaffaqiyatli o‘tkazdi. U olti yoshli bolaning shikastlangan uch tavaqali yurak klapanini olib tashladi va o‘ng bo‘lmacha qulog‘idan foydalanib yangi klapan yaratdi. Bu amaliyot mamlakatimiz tibbiyoti tarixida ilk bor o‘tkazildi. Shu paytgacha bunday yuqori texnologik operatsiyalar faqat dunyoning eng rivojlangan tibbiyot markazlaridagina amalga oshirilgan.
Jamg‘arma yordami faqat o‘qish davri bilan cheklanmaydi. Stipendiatlarning qaytishi va ularning kasbiy muhitga moslashishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jamg‘arma ishga joylashishga ko‘maklashadi, xorijda olingan bilim va ko‘nikmalar talab qilinadigan ish o‘rinlarini topishga yordam beradi, munosib mehnat sharoitlari, karera imkoniyatlari va kasbiy o‘sishni ta’minlash uchun tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.
Muhimi, kasbiy muhitga qo‘shilish jarayoni o‘qish davridayoq boshlanadi. Masalan, bu yil AQSH va Buyuk Britaniyada tahsil olayotgan stipendiatlar “IT Park Uzbekistan”da amaliyot o‘tadilar. Ular startaplar, venchur investitsiyalari va raqamli texnologiyalar sohasida amaliy tajriba orttirdilar. Bu ularga milliy voqelik bilan aloqani yo‘qotmaslikka va ta’lim bosqichidayoq O‘zbekistondagi kelajak kasbiy faoliyatga tayyorgarlik ko‘rishga yordam beradi.
Bekzod Xolmurodov “El yurt umidi” jamg‘armasi ochiq tanlovlarida bakalavriat bosqichini chet elda o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritgan yoshlardan biri. U AQSHda o‘qish davomida davlatimiz rahbari bilan uchrashish, o‘z taklif va mulohazalarini aytish imkoniga ega bo‘lgan izlanuvchan yoshlardan biri.
– Joriy yilning sentyabr oyida Prezidentimizning AQSHga tashrifi doirasida xorijda yashayotgan yurtdoshlarimiz, talabalar bilan bo‘lgan muloqotda davlatimiz rahbariga o‘z tashabbuslarimizni aytib, samimiy suhbatlashganmiz, - deydi Behzod. - O‘shanda bizga bildirilgan ishonch yangi kuch va shijoat bag‘ishladi. Qo‘shma Shtatlarning Dreksel universitetida mexanika muhandisligi bo‘yicha tahsil olib, yurtimizga qaytib keldim. Bugungi kunda Geologiya vazirligida faoliyat yurityapman.
Umuman olganda, “El-yurt umidi” jamg‘armasi faoliyati misolida O‘zbekistonda inson kapitaliga qaratilgan islohotlar tizimli, ochiq va uzoqni ko‘zlagan strategiya asosida amalga oshirilayotganini ko‘rish mumkin.
Go‘zal Sattorova, O‘zA