“Tokio sari yo‘l“ ommaviy yurishida 40 mingdan ziyod andijonliklar ishtirok etdi
Andijon shahrida avtotransportlarsiz harakatlanish kuni doirasida “Tokio sari yo‘l“ shiori ostida ommaviy yurish tadbiri o‘tkazildi.
Andijon shahrida avtotransportlarsiz harakatlanish kuni doirasida “Tokio sari yo‘l“ shiori ostida ommaviy yurish tadbiri o‘tkazildi. Unda korxona, tashkilot, muassasa vakillari hamda sportsevar yoshlardan iborat 40 mingdan ziyod andijonliklar ishtirok etdi.
Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi maydon oldida saf tortgan ishtirokchilarni hokimlik va jamoatchilik vakillari tabriklab, sog‘lom turmush tarzining ahamiyati, sportning ommaviyligini oshirish borasidagi ishlarga qisqacha to‘xtaldi.
Ommaviy yurishda taniqli sportchilar, xalqaro musobaqalar g‘oliblari, Olimpiada o‘yinlari qatnashchilari bilan bir qatorda sog‘lom hayot tarzi tarafdorlari start chizig‘ida hozir bo‘ldilar.
Yurishni musiqa sadolari ostida dastlab velosportchilar boshlab berdilar. Bobur maydonidan yo‘l olgan ishtirokchilar Sharof Rashidov va Alisher Navoiy shohko‘chalari orqali markaziy madaniyat va istirohat bog‘iga qadar bo‘lgan masofani bosib o‘tdilar. Butun yo‘nalish davomida ishtirokchilar safi kengayib bordi.
Shuningdek, bayram munosabati bilan Bog‘u Bobur milliy bog‘ida “Men sportni sevaman“ shiori ostida ommaviy sport fleshmob tashkil etildi. Yoshlar bog‘ida sport turlari bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar, Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i yozgi amfiteatrida aviamodel, raketomodel, avtomodel sport turlari bo‘yicha yoshlar ishtirokida ko‘rgazmali mahorat saboqlari hamda gala-konsert o‘tkazildi.