Tokio Olimpiadasi g‘olibi va jahon chempioni Akbar Jo‘rayev ishtirokida seminar o‘tkazildi
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida og‘ir atletika bo‘yicha Tokio Olimpiadasi g‘olibi va rekordchisi hamda jahon chempioni Akbar Jo‘rayev va terma jamoa a’zolari ishtirokida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.
“Ko‘pkurash sport turlari” fakulteti tashabbusi bilan o‘tkazilgan seminarda, o‘qituvchilar, talabalar, shuningdek O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi murabbiylari va sportchilar qatnashdi.
Muhokamalarda og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining o‘tgan yilgi Yozgi olimpiya o‘yinlari hamda Toshkentda ilk marotaba kattalar o‘rtasida o‘tgan jahon chempionatidagi ishtiroki tahlil qilindi.
Sportchilar va o‘qituvchilar ishtirokida kengaytirilgan tarzda o‘tgan seminarda 2024 yili Parijda bo‘lib o‘tadigan XXXIII Yozgi Olimpiada o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etishning dolzarb masalalari bo‘yicha muhokama va munozaralar bo‘lib o‘tdi.
Anvar Jumaniyazov,
O‘zDJTSU matbuot xizmati