Global raqobat keskinlashib, geosiyosiy manfaatlar qayta shakllanayotgan bir paytda Markaziy Osiyo yirik davlatlar diqqat markazida qolmoqda.
Ayni murakkab sharoitda Yaponiya mintaqamiz bilan bog‘liq mavqeini harbiy yoki siyosiy usulda emas, balki texnologiya, ta’lim, iqtisodiy hamkorlik va “yumshoq kuch” vositalari orqali mustahkamlashga intilmoqda. Bunday strategiyasi nimaga tayanadi-yu, qanday imkoniyatga ega? Kelgusida qaysi yo‘nalishlar hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi? Shu savollar bilan Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti huzuridagi “Sharqshunos tahlilchilar” intellektual klubi rahbari Sardor Rahimovga murojaat qildik.
Global raqobat sharoitida Yaponiya Markaziy Osiyodagi o‘rnini qanday saqlab qoladi?

Yaponiya so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo respublikalari bilan siyosiy va iqtisodiy aloqalarni juda faol chuqurlashtirayotgan davlatlardan biri bo‘lib qolmoqda. Strategik jihatdan muhim hisoblangan mintaqamizda Xitoy va Rossiya ta’sirini muvozanatlash uchun Tokio Markaziy Osiyo bilan munosabatni tobora mustahkamlamoqda. Bu jarayon ayniqsa “Ipak yo‘li diplomatiyasi” doirasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarda yaqqol kuzatilmoqda. Bunday uslub yordamida iqtisodiy (energetika, foydali qazilmalar, O‘rta yo‘lak orqali aloqa) sheriklikni rivojlantirish va Yaponiyaga nisbatan ijobiy tarixiy qarashdan foydalanish ko‘zda tutilgan.
Masalan, ilk bor Tokioda bo‘lib o‘tgan Yaponiya va Markaziy Osiyo davlat rahbarlari uchrashuvida barqaror rivojlanish, yashil texnologiyalar va mintaqaviy ta’sirni diversifikatsiya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Umuman, yashil energiyaga o‘tish va aqlli shaharlar shakllantirishni qo‘llab-quvvatlash orqali Yaponiya mintaqa barqaror rivojlanishini ta’minlashga intilayotgan faol hamkor hisoblanadi.
Ta’lim, fan va inson kapitali hamkorlik ustuniga aylana oladimi?
Yaponiya Markaziy Osiyo bilan tezkor moddiy foyda olishdan ko‘ra, ko‘proq ishonchga asoslangan diplomatiyani rivojlantirish tarafdori. Darhaqiqat, “Yaponiya an’anaviy texnik hamkorlikdan tashqari dekarbonizatsiya, transport tizimi va inson resurslarini rivojlantirishga intilmoqda”, deya ta’kidlagan edi Xokkaydo universiteti qoshidagi Slavyan-Yevrosiyo tadqiqot markazi Markaziy Osiyo zamonaviy tarixi va siyosati bo‘limi professori Tomohiko Uyama.
Ma’lumki, mintaqa mamlakatlari aholisining salmoqli qismi xorijiy davlatlarda turli sharoitlarda ishlamoqda. Ularni o‘z vatanida ish bilan ta’minlash, kasb-hunarga o‘rgatish va mutaxassis qilib tayyorlash bo‘yicha kun chiqar yurt mintaqada amalga oshirayotgan loyiha va dasturlar ahamiyatini alohida qayd etish joiz.
E’tiborli jihati, muayyan yo‘nalish bo‘yicha Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida “Yaponshunoslik” oliy maktabi faoliyat yuritmoqda. Bu maskanda kadrlar tayyorlash tizimi bevosita ushbu davlat nufuzli universitetlari bilan hamkorlik asosida shakllantirilgan.
Mintaqaviy integratsiya jarayoni mavjud munosabatlarga ta’sir ko‘rsatadimi?
Mintaqa integratsiyasiga erishish yo‘lidagi hamkorligimiz yapon tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi va ijobiy qabul qilinishi tabiiy. Zero, S5+1 muloqot formatini shakllantirish yo‘lidagi ilk qadamni aynan Tokio tashlagan. Keyingi yillarda qator kuchli davlatlar, nufuzli xalqaro tuzilmalar 2004 yil yo‘lga qo‘yilgan “Markaziy Osiyo + Yaponiya muloqoti”dan o‘rnak oldi. Kun chiqar yurt Markaziy Osiyoda manfaatlar mushtarakligi sari qo‘yilayotgan qadamlar mintaqaviy integratsiya sur’atini tezlashtirib, aloqalarni yanada chuqurlashtirishiga ishonadi. Shu bois Tokio Markaziy Osiyo davlat rahbarlari VII Maslahat uchrashuvidan ko‘p vaqt o‘tmay, S5+1 formatiga daxldor davlatlar orasida birinchi bo‘lib Markaziy Osiyo bilan sammitga mezbonlik qildi. Bu voqea ko‘p tomonlama munosabatlar taraqqiyoti solnomasiga yorqin sahifa bo‘lib kirishi shubhasiz.
Yaqin istiqbolda ustuvorlik kasb etishi kutilayotgan omillar...
Voqealar rivoji Yaponiya va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar tarixidan kelib chiqib tahlil qilinsa, fan-ta’lim, madaniyat sohalari yetakchi ekaniga guvoh bo‘lamiz. Shuningdek, kun chiqar o‘lkaning energetika sohasidagi yutuqlarini mintaqamizda tatbiq etish yaqin va o‘rta istiqbol uchun juda muhim. Bundan tashqari Yaponiya yumshoq kuchi kuchli ta’sirga ega mamlakatlar sirasiga kiradi. Demak, umumiy turizm salohiyati ham juda yuqori. Ayni yo‘nalishda qo‘shni davlatlar bilan birga mintaqaga xos yumshoq kuch mexanizmini ishlab chiqish va mazkur tizimni “yapon tajribasi” bilan uyg‘unlashtirish samara berishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA