9 aprel kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Tokio chet tillari universiteti o‘rtasida onlayn memorandum imzolash marosimi bo‘ldi. Unga ko‘ra TDSHUda Yaponiyaning mazkur universitet "Global Japan Office" nomli ofisi tashkil etiladi.
Ofisning maqsadi – universitetlar o‘rtasida talabalar va olimlar almashinuvini, ilmiy va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish, onlayn tadbirlarni keng yo‘lga qo‘yish hamda O‘zbekiston yoshlariga Tokio chet tillari universiteti faoliyati haqida ma’lumot berish.
Imzolash marosimida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsiyeva "Global Japan Office" o‘z maqsadlariga erishishda TDSHU uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Ofisda yaponiyalik mutaxassislarning onlayn ma’ruzalarini yo‘lga qo‘yish, Tokio chet tillari universiteti talabalari uchun o‘zbek tili, O‘zbekiston tarixi va madaniyati kabi maxsus darslarni joriy etish alohida qayd etildi.
– Faxr bilan aytamanki, universitetimizda Yaponiyada birinchi bo‘lib o‘zbek tili o‘qitilishi yo‘lga qo‘yilgan, – dedi Tokio chet tillari universiteti rektori Kayoko Xayasi. – Har yil 10 nafardan ortiq talaba o‘qishga qabul qilinib, ularga o‘zbek tili va O‘zbekiston xaqida dars mashg‘ulotlari o‘tiladi. Bugun tashkil etilayotgan ofis hamkorligimizni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi, degan umiddaman.
TDSHU va Tokio chet tillari universiteti o‘rtasida hamkorlik bitimi 1997 yil imzolangan. O‘tgan davr mobaynida TDSHUning 70 dan ortiq talabasi Yaponiyada yapon tili va madaniyati bo‘yicha 1 yillik stajirovka o‘tab qaytdi. Bundan tashqari, 10 dan ortiq talaba magistratura va doktoranturada tahsil oldi. Shulardan ikki nafari falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega bo‘lib, hozirgi kunda TDSHUda dars bermoqda.
Shuningdek, Tokio chet tillari universiteti talabalari ham o‘zbek tili, O‘zbekiston tarixi va madaniyatini o‘rganish uchun TDSHUga stajirovkaga yuboriladi. 2016 yildan Tokio universiteti talabalari uchun ikki haftalik o‘quv safarlari uyushtirila boshladi. Unda universitetlar talabalari o‘z ilmiy-tadqiqotlarini birgalikda muhokama qiladi, maxsus seminarlar o‘tkaziladi, madaniy safarlar tashkil etiladi.
Tadbirda joriy yil 2 martda TDSHUda Yaponiya universitetlari bilan hamkorlikda “O‘zbekiston – Yaponiya” talabalar ilmiy forumi yuqori saviyada o‘tkazilgani alohida qayd etildi. Yoshlarning ilmiy integratsiyasiga qaratilgan bunday tadbirlar kelgusida ham o‘tkazilishiga ishonch bildirildi.
Ma’lumot o‘rnida: Tokio chet tillari universiteti ofisi TDSHUda Yaponiya universitetlarining ikkinchi ofisi bo‘ladi. Bu yerda 2006 yildan Sukuba universiteti ofisi faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Yangi ofis mamlakatlarimiz o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarning 30 yilligi arafasida muhim qadam bo‘lib, ta’lim muassasalari o‘rtasida qalin sheriklik o‘rnatilayotganidan dalolatdir.
Elyor Mahmudov,
TDSHU xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori