"Tokio–2020" Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etadigan delegatsiyamiz tarkibida kichik o‘zgarish yuz berdi, deb xabar bermoqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.
Avvalgi tarkibda Xalqaro suzish federatsiyasining reytingi asosida Xurshidjon Tursunov 100 metrga erkin, Yulduz Qo‘chqorova 100 metrga brass usulida suzish bo‘yicha Olimpiada yo‘llanmalariga sazovor bo‘lgani ta’kidlangan. Biroq Yulduz Qo‘chqorova uzoq muddatdan beri terma jamoa tarkibida yig‘inlarda ishtirok eta olmayotgani, hozirgi kunda Amerika Qo‘shma Shtatlarida bo‘lgani uchun bo‘lajak Olimpiadada ishtirok eta olmasligi oydinlashdi. Uning o‘rnini 50 metrga erkin usulda suzish dasturida Natalya Kritinina to‘ldiradigan bo‘ldi.
Ushbu o‘zgarishni Xalqaro suzish federatsiyasi tasdiqladi va "Tokio–2020" yo‘llanmasi Natalya Kritininaga taqdim etiladigan bo‘ldi.
Shu tariqa bo‘lajak Olimpiya o‘yinlarida delegatsiyamiz a’zolari 17 sport turidan 71 ta yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi. Unda ishtirok etadigan sportchilarimiz soni esa 67 tani tashkil etib, ularning 30 nafari ayollardir. Bu umumiy delegatsiyamizning 45 foiziga teng ko‘rsatkichdir. Ta’kidlash lozim, Olimpiya o‘yinlarida ayol sportchilarning ishtirok etishi bo‘yicha Tokioda mutlaq rekord o‘rnatamiz.
Shubhasiz bunday ko‘rsatkich Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda xotin-qizlar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor mahsulidir. Qolaversa, bu Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi targ‘ib qilayotgan gender tenglik siyosatining mamlakatimiz misolidagi amaliy ifodasi hamdir.
O‘zA