Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tojikistonlik rektorlar Samarqand davlat universiteti faoliyati bilan tanishdi
18:03 / 2024-04-16

Toshkentda o‘tkazilgan O‘zbekiston -Tojikiston Respublikalari oliy ta’lim muassasalari rektorlari forumi ishtirokchilari bugun Samarqandda bo‘ldi.

Tojikiston Respublikasi ta’lim va fan vaziri Rahim Sayidzoda boshchiligidagi yigirmadan ortiq oliy o‘quv yurti rektorlari dastlab Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti faoliyati, bu yerdagi ta’lim jarayonlari bilan tanishdi. 

Universitet rektori, professor Rustam Xolmurodov keyingi yillarda amalga oshirilgan qurilish-bunyodkorlik ishlari, o‘quv jarayonlarining takomillashgani va boy moddiy-texnik baza haqida mehmonlarga so‘zlab berdi. 

Tojikistonlik mehmonlar universitet arxeologiya, zoologiya muzeylarini ko‘zdan kechirdi. Biokimyo instituti kampusida bo‘lib, bu yerda professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Nobel mukofoti laureati Aziz Sanjar nomidagi laboratoriya faoliyati rektorlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Qo‘shni davlat oliy ta’lim muassasalari rektorlari Samarqand shahridagi tarixiy-madaniy yodgorliklar va diqqatga sazovor joylarni ham tomosha qildi. 

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari