Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tojikistonlik mutaxassislar O‘zbekistonning suv tejash bo‘yicha tajribasini o‘rganmoqda
15:30 / 2025-08-14

Mamlakatimizda suv resurslarini samarali boshqarish va qishloq xo‘jaligida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Xususan, bu jarayonda suvdan oqilona foydalanish va yetuk tajribalarni keng qo‘llash muhim ahamiyat kasb etadi.

Bugun Toshkentda tojikistonlik mutaxassislar uchun “O‘zbekiston Respublikasida suvni tejashning zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini joriy etishni moliyalashtirish va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash” mavzusida yetkazilgan seminar-treningda shu haqda so‘z bordi.

Suv xo‘jaligi vazirligi hamda Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi tomonidan moliyalashtirilayotgan “O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish milliy loyihasi” va “Suvchilar maktabi” tomonidan tashkil etilgan tadbirda xorijlik mehmonlar qatorida soha mas’ullari, mutaxassislar ishtirok etdi.

Tadbirda qayd etilganidek, Prezident tashabbusi bilan mamlakatda suv xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan islohotlar, suvdan samarali foydalanish va tejamkor texnologiyalarni joriy etish ustuvor vazifalardan sanaladi.

Tashkil etilgan tadbir shu jihatdan muhim bo‘lib, unda ishtirokchilar tomchilatib, yomg‘irlatib va boshqa zamonaviy sug‘orish usullari bo‘yicha ilg‘or tajriba va eng yaxshi amaliyotlar bilan tanishdi.

Shuningdek, treningda mutaxassislarga O‘zbekistonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, “Suvkredit”, “Agrosubsidiya”, “Tomchi” dasturiy ta’minot va mobil ilovalar, subsidiyalar berish tartibi hamda Yagona elektron reyestrdan foydalanish haqida ham ma’lumot berildi.

Vazirlik axborot xizmati rahbari Shuhrat Suyunovning ma’lum qilishicha, mazkur tadbir ikki kunlik bo‘lib, mamlakatda ushbu sohada amalga oshirilgan islohotlar natijalari bilan o‘rtoqlashishga qaratilgan.

- Ertaga tojikistonlik mutaxassislar Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanidagi «Toshkent meva» fermer xo‘jaligi va Chinoz tumanidagi «O‘rinboy hoji» fermer xo‘jaligida bo‘lib, suvni tejaydigan texnologiyalardan foydalanish tajribasi bilan tanishadi. Bu tashrif ikki davlat o‘rtasida suv xo‘jaligi sohasida hamkorlikni mustahkamlash va zamonaviy, tejamkor texnologiyalarni kengroq joriy etishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, mazkur tadbir suvdan samarali foydalanish orqali ekologik barqarorlikni ta’minlash va qishloq xo‘jaligi sohasida iqtisodiy samaradorlikni oshirishning amaliy namunalarini taqdim etishga ham ko‘zda tutilgan, - dedi Sh.Suyunov.

N. Ziyodullayeva, O‘zA