Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tojikistonga 45 million dollarlik mahsulot eksport qilinadi
16:54 / 2021-06-11

O‘zbekiston – Tojikiston davlatlari o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro hamjihatlik va samarali hamkorlik aloqalari yil sayin kengayib, yanada mustahkamlanib bormoqda. Yaqinda O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Tojikistonning Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston – Tojikiston” rasmiy doiralari biznes forumida ishtirok etdi. Quvonarlisi, ular orasida Toshkent viloyati vakillaridan iborat soha mutaxassislari, tadbirkorlar ham bor.

– Xizmat safarimiz iliq taassurotlar va foydali kelishuvlarga boy bo‘ldi, – deydi viloyat Investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Nurbek Rajabov. – Asosiy maqsad har ikki davlat tadbirkorlari, ishbilarmon doira vakillari o‘rtasida investitsiya va savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratildi. Biz ham o‘z navbatida viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlarini yanada rivojlantirish maqsadida qardosh tojikistonlik tadbirkorlar va biznes sohasi vakillarining faoliyati, ish tajribalari bilan yaqindan tanishdik. Aynan biznes forum o‘zbek-tojik tadbirkorlarini o‘zaro do‘stlik rishtalari, yaqin iqtisodiy hamkorlik kabi ezgu maqsadlar yo‘lida birlashtirdi. Natija esa yomon bo‘lgani yo‘q. Mazkur biznes forumda tojikistonlik hamkorlarimiz bilan umumiy qiymati 45 million dollarga teng 61 ta eksport shartnomasi yuzasidan kelishuvlar imzolashga erishdik.

Unga ko‘ra, hududdagi Angren, Bekobod, Ohangaron shaharlari va Bo‘ka, Bo‘stonliq, Zangiota, Piskent, Toshkent, Quyi Chirchiq, Qibray tumanlaridagi eksportyor korxonalarda ishlab chiqarilayotgan qandolat, tekstil-trikotaj va sanoat, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, meva-sabzavotlar Tojikiston Respublikasiga eksport qilinadi.  

Jumladan, Ohangaron shahri sanoatlashayotgan yirik hududlardan biridir. Dushanbe shahrida o‘tkazilgan hamkorlik uchrashuvida imzolangan bitimga muvofiq, endilikda mazkur shahardagi “PREMIUM ELEGANT CERAMICS” korxonasida ishlab chiqarilayotgan 300 ming dollarga teng keramik plitalar, “IDEAL PLAST” korxonasida ishlab chiqarilayotgan 1 million dollarlik santexnika jihozlari Tojikiston Respublikasiga eksport qilinadi.

Shuningdek, parrandachilik yo‘nalishi eksporti bo‘yicha ham bir qator shartnomalar imzolandi. Unga ko‘ra, Qibray, Ohangaron, O‘rta Chirchiq tumanlarida parvarishlanayotgan naslli hamda broyler jo‘jalar, Piskent tumanidagi “SAXOVAT BROYLER” MCHJ korxonasining tayyor qadoqlangan tovuq go‘shti mahsulotlari qo‘shni davlat bozorlariga yuboriladi.  

Bundan tashqari, eksportga yuboriladigan mahsulotlar qatoridan izolyatsiya mahsulotlari, maishiy kir yuvish kukunlari, mineral o‘g‘itlar, mebel mahsulotlari, plastik mahsulotlar, turli hajmdagi plastmassa quvurlar suyuq gulqog‘ozlar va soya mahsulotlari o‘rin olgan.  

Ma’lumki, hozir har bir hududga investitsiyalar oqimining kirib kelishi tuman va shaharlar qiyofasining yangilanishi, iqtisodiyot va turdosh sohalar rivojiga zamin bo‘lyapti. Bu esa minglab ish o‘rinlarining yaratilishi, aholining daromad manbaini oshirmoqda.

 

A.Musayev,O‘zA