Tojikistonda o‘qiyotgan, ishlayotgan yoki boshqa muhim sabablarga ko‘ra ushbu mamlakatda bo‘lgan, referendum kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan O‘zbekiston fuqarolari muddatidan oldin ovoz berishga kirishdi. Mamlakatimizning yangilanayotgan Konstitutsiyasiga o‘z ra’yini bildirish uchun tashkil etilgan ovoz berish uchastkalarida barcha qulaylik yaratildi.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Sug‘d viloyatining ikki shahrida tashkil etilgan saylov uchastkasiga referendumda qatnashish istagida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari soat 9 dan boshlab kela boshladi. Viloyat markazi Xo‘jand shahrida 295 nafar, Istaravshan shahrida esa 191 nafar fuqaro muddatidan oldin ovoz berdi. Xatlon viloyati markazi Boxtar va Hisor vodiysidagi Tursunzoda shahrida ham O‘zbekiston fuqarolari referendumda qatnashib, muddatidan oldin ovoz berishdi.
Referendumda qatnashgan kishilar yangilanayotgan Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgarish, qo‘shimchalarda, eng avvalo, xalq manfaati ko‘zlaganini ta’kidlashdi.
– Onam Jamila Meliyeva Rossiyada o‘qigan, – deydi Akademik Bobojon G‘afurov nomli Xo‘jand davlat universiteti talabasi Go‘zal Meliyeva. – O‘ttiz yil maktabda ishlab, pensiyaga chiqqan. Onam konstitutsion islohot haqida shunday deydi: “Biz, o‘qituvchilarga endi ishlash payti keldi. Hech kim “paxtaga chiq”, “pilla ter”, “ko‘cha tozala”, deya buyruq berolmaydi. Endi muallimdan faqat o‘quvchiga sifatli ta’lim berish talab qilinadi, xolos. Eng muhimi, maosh ham keskin oshirildi.
Asli Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidan bo‘lgan Go‘zal Meliyeva yangilanayotgan Konstitutsiya inson uchun g‘amxo‘rlik omili, deb hisoblashini bildirdi. Meliyevlar oilasi hozir “Ravalloq” mahallasidagi zamonaviy kottejda yashaydi.
Go‘zalning onasi bilan telefon orqali suhbatlashganimizda, u kishi Yangi O‘zbekistonni “keng imkoniyatlar Vatani”, deb atadi.
– “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”, umuman, kambag‘allikni qisqartirish va bora-bora butunlay yo‘qotish uchun ko‘rilayotgan choralar hukumatning xalq uchun xizmat qilayotganidan dalil emasmi? – deydi Jamila Meliyeva – “Ayollar daftari” Oliy Majlis Senati nazoratida. Men mahalla faollaridan biri sifatida soliqlarning ellik foizini mahalla uchun ishlatishga qaror qilinishini yana bir g‘amxo‘rlik ekanini olqishlayman. Qizim Tojikistonda ovoz berdi, oilamizdan yana uch kishi – men, o‘g‘lim va kelinim 30 aprel kuni Referendumda qatnashamiz.
– Men Xo‘janddagi nufuzli dorilfununda o‘qiyapman, – deya so‘zini davom ettiradi Go‘zal Meliyeva. – Audit va buxgalteriya bo‘yicha mutaxassis bo‘lib yetishaman. Bizga o‘zimizdami, chet eldami, qayerda bo‘lmasin, puxta ta’lim olib, O‘zbekistonni rivojlantirishga hissa qo‘shadigan yetuk kadrlar bo‘lib yetishish imkonini yaratib bergan mamlakatimiz yanada gullab-yashnashi yo‘lida ovoz berdim.
Tojikistonda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari uchun yangilanayotgan Konstitutsiyaga ovoz berish jarayoni davom etadi. 30 aprel kuni Dushanbe shahrida bo‘lib turgan o‘zbekistonliklar ham referendumda qatnashadi. Ular O‘zbekistonning Tojikistondagi elchixonasidagi saylov uchastkasiga borib, o‘z konstitutsion huquqidan foydalanishga tayyorgarlik ko‘rishmoqda.
O‘rinboy USMON, O‘zA