Tojikistonning “Xovar” axborot agentligi “Tojikfilm” davlat muassasasiga tayanib xabar qilishicha, joriy yilning 15-20-aprel kunlari Dushanbe shahrida O‘zbekiston kinosi kunlari bo‘lib o‘tadi.
Xabarda aytilishicha, bugun O‘zbekiston delegatsiyasi ushbu madaniy tadbirni o‘tkazish uchun Tojikistonga kelgan. Dushanbe xalqaro aeroportida mehmonlarni mas’ul shaxslar kutib oldi.
Poytaxt kinoteatrlarida, shuningdek, Hisor, Vaxdat, Varzob shaharlaridagi madaniyat saroylarida “Abdullo Oripov”, “Sudya”, “O‘zgarish”, “Judo bo‘lsin!” nomli o‘zbek badiiy filmlari tomoshabinlarga namoyish etiladi.
Dasturga ko‘ra, ertaga Tohir Sobirov nomidagi kinoteatrda O‘zbekiston kino kunlari munosabati bilan OAV vakillari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkaziladi.

Kino kunlari doirasida “Yulduzlar porlashi: Jomiy va Navoiy” badiiy filmi ssenariysini ishlab chiqish bo‘yicha Tojikiston va O‘zbekiston kinematograflari qo‘shma komissiyasining majlisi ham bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Majlisda ssenariy to‘liq tahrirlanadi hamda tahlil qilindi.
“O‘zbekiston kinosi kunlari” o‘zbek va tojik kino ijodkorlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va takomillashtirish uchun qulay zamin yaratadi, ikki birodar qo‘shni xalq o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
S.Rahimov, O‘zA