MDH Sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlik kengashining 38-yig‘ilishi doirasida Tojikiston sog‘liqni saqlash va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri Jamoliddin Abdullozoda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov bilan uchrashdi. Bu haqda "Xovar" axborot agentligi idora matbuot markaziga tayanib xabar tarqatgan.
Muloqot davomida davlatlarimiz o‘rtasida sog‘liqni saqlash va ijtimoiy muhofaza sohasidagi, ikki do‘st, qardosh mamlakat rahbarlarining samarador siyosatiga asoslangan hamkorlik bugungi kunda yuqori bosqichga ko‘tarilgani, shu bilan birga aloqalarni yanada kengaytirish uchun keng imkoniyat, salohiyat mavjudligi ta’kidlandi.
Shu nuqtai nazardan Tojikiston Respublikasi hukumati tashabbusi bilan Xatlon viloyati Qubodiyon tumanida “Tojikiston – O‘zbekiston” do‘stlik tibbiyot majmuasi tashkil etilib, faoliyat ko‘rsatayotgani o‘zaro manfaatli hamkorlikning yorqin namunasi sifatida e’tirof etildi.
Eslatib o‘tamiz, Prezidentlar Emomali Rahmon va Shavkat Mirziyoyev tomonidan Tojikiston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi oliy rahbarlarining do‘stlik va qardoshlik siyosati doirasida “Tojikiston-O‘zbekiston” do‘stlik tibbiyot majmuasi 2021 yil rasman ochilgan.
Suhbat yakunida tomonlar sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlik bundan buyon ham rivojlanib borishidan mamnunliklari, bunga erishish uchun mavjud barcha imkoniyatdan foydalanishlarini bildirdilar.
M.Pirmatova, O‘zA