12 noyabr kuni Tojikiston iqtisodiy rivojlanish va savdo vaziri o‘rinbosari Abdurahmon Abdurahmonzoda bilan Koreyaning «Koshuma» intellektual texnologiyalar assosiatsiyasi raisi Shim Jebok o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish, infratuzulma sohasiga investitsiya jalb qilish loyihalari, texnoparklar, qayta ishlash lagistik markazlari tashkil qilish, Tojikistondagi erkin iqtisodiy hududlarga Janubiy Koreya investitsiyasini jalb qilgan holda tovarlarni eksport qilish masalalari muhokama etildi.
Vazirlikning matbuot markazi xabar berishicha, suhbat chog‘ida vazir o‘rinbosari mehmonlarga 2017 yilda Tojikiston respublikasi prezidenti Imomali Raxmonning «Panj» erkin iqtisodiy hududiga tashrifi chog‘ida uchta korxonaning poydevori qo‘yilgani va ushbu korxonalar hozir faoliyatini boshlab yuborganini ma’lum qilgan.
Shuningdek, bu yil tashkil etilgan maydoni 309 gektardan iborat bo‘lgan «Kulob» erkin iqtisodiy hududida sanoat korxonalarini ishga tushirish uchun sarmoya kiritmoqchi bo‘lgan mahalliy va xorijiy investorlarga barcha zarur bo‘lgan yengilliklar va imtiyozlar taqdim etilgani aytib o‘tildi.
Uchrashv chog‘ida mamlakatda raqamli iqtisodiyot jadal rivojlanayotgani alohida ta’kidlandi. Bu holat Tojikiston bilan mazkur sohada katta tajribaga ega Koreya respublikasi o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun yaxshi imkoniyat bo‘ladi, deyiladi xabarda.
O‘zA