Tojikiston tovar aylanmasining 60 foizdan ko‘prog‘i SHHT mamlakatlariga to‘g‘ri keladi
Tojikistonning iqtisodiy rivojlanish va savdo vaziri Zavqi Zavqizoda SHHT iqtisodiyot va savdo vazirlarining 21-chi majlisida ushbu ma’lumotni berdi, deyiladi “Xovar” agentligining vazirlik matbuot xizmatiga tayanib tarqatgan xabarida.
«Tojikistonning 60 foizdan ortiq tovar aylanmasi SHHT mamlakatlari bilan amalga oshirilgan. SHHT a’zolari, jumladan, Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Pokiston va Hindiston yirik savdo sheriklarimiz hisoblanadi», – deya ta’kidlagan u.
Vazir bergan ma’lumotda keltirilishicha, Tojikiston bilan tashkilotga a’zo mamlakatlar o‘rtasida amalga oshirilgan tashqi savdo aylanmasi 2022 yilning olti oyi ichida 68 foizni tashkil etgan.
Majlis davomida Zavqizoda raqamli va “yashil” iqtisodiyot, elektron savdo sohalarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qator takliflarni ilgari surgani aytilmoqda.