Kecha butun mamlakatimizga, xalqimizga cheksiz quvonch va faxr bag‘ishlagan muvaffaqiyat – O‘zbekiston jamoasining 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasida ilk bor chempion bo‘lishida Jahongir Vohidovning yakuniy hal qiluvchi o‘yindagi g‘alabasi tarixiy ahamiyat kasb etdi.
Ushbu natijadan so‘ng 188 jamoa qatnashgan eng nufuzli shaxmat musobaqasida vakillarimiz chempionlikni tantana qildi.
Hindiston mezbonlik qilgan shaxmat olimpiadasida Jahongir individual natijalar bo‘yicha 4-doskada o‘ynagan shaxmatchilar orasida ham tengsiz deb topildi va oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Jahongir Vohidov 1995 yilda Samarqand shahrida shaxmatchilar oilasida tug‘ilgan. Shuning uchun ham bolaligidan aql gimnastikasi bilan shug‘ullanib, respublika va xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli qatnashdi. Eng yosh xalqaro grossmeysterlar qatorida e’tirof etildi.
– O‘zim va turmush o‘rtog‘im ham shaxmatchi bo‘lganimiz uchun bolalarimizda ham ushbu sport turiga qiziqish katta bo‘lgan, – deydi Jahongirning otasi Tohir Vohidov. – Men ham O‘zbekiston va Osiyo chempionatlari sovrindori bo‘lganman. Lekin jahon chempionatida bunday natijaga erishish nasib qilmagandi. Biz orzu qilgan yutuqqa Jahongir erishdi. Albatta, biz ham musobaqani katta hayajon bilan kuzatdik, har bir o‘yinni go‘yoki o‘zimiz o‘ynayotgandek o‘yladik, tahlil qildik. Ayniqsa, kechagi yakuniy bahsni nafaqat biz, butun O‘zbekiston hayajon bilan kuzatib turdi. Jahongir niderlandiyalik shaxmatchidan ustun kelib, g‘alabani qo‘lga kiritganida qalbimizda uyg‘ongan faxr va quvonchni so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi. O‘g‘lim bilan faxrlanaman, jahon chempioni bo‘lib, yuzimizni yorug‘ qildi. O‘zbekiston yoshlariga o‘z iqtidorini ko‘rsatishi uchun imkoniyat yaratib berayotgan Prezidentimizga rahmat.
Jahongirning shaxmatdagi muvaffaqiyatlarida uni yoshligidan turli musobaqalarga olib borgan, unga ustozlik qilgan amakisi, ko‘p yillar Samarqand shaxmat federatsiyasiga rahbarlik qilgan Abduvahob Vohidovning ham xizmatlari katta .
– Jahongirga har doim “marrani baland ol, jahon chempioni bo‘lishni ko‘zla” deb uqtirardim, o‘z ustida ko‘proq ishlashga da’vat etardim, – deydi A.Vohidov. – Qayerda musobaqa bo‘lsa birga borardim, yonida turardim. Yoshligidan intiluvchanligi sababli O‘zbekiston chempioni, Osiyo va xalqaro musobaqalar sovrindori bo‘ldi. Uning Butunjahon shaxmat olimpiadasidagi yutug‘i nafaqat bizning, balki butun xalqimizning yutug‘idir. Prezidentimiz Olimpiada chempioni bo‘lgan shaxmatchilarimizga telefon qilib, ularni tabriklagani, Jahongir bilan suhbatlashib, uning yutug‘ini alohida e’tirof etganini televizorda ko‘rib, ko‘zlarimga yosh keldi. Shu kunlarga yetkazganiga shukr! Yurtimiz yoshlarining dunyoni hayratga soladigan muvaffaqiyatlari ko‘p bo‘lsin!
G‘.Hasanov, O‘zA